Sobiq advokat yana jinoyat yo‘lini tanladi
Odil uzoq qarindoshi Sodiq akaga maslahatli gap aytdi:
- Rossiyada ishlab yurgan paytlarim jo‘natgan 10 ming AQSh dollarimni xotinim va qaynonam ishlatib yuborgan. Xotinim bilan ajrashyapman, ulardan pullarimni undirib olmoqchiman, biror tanish advokatingiz bo‘lsa...
Sodiq akaning xayoliga birinchi kelgani qo‘shnisi Abdurahim bo‘ldi.
- Bor albatta, - dedi u jonlanib, seni bir kishi bilan tanishtirib qo‘yaman.
O‘zini advokat deb tanishtirgan Abdurahim Odil bilan gaplashgach, xotini bilan ajrashishida ham, pullarini qaytarib olishda ham yordam berishini aytib, bu ishni uning foydasiga hal qilish uchun ketadigan xarajatlarni tezda hisob-kitob qilib berdi:
- Xizmat haqiga 100 AQSh dollari, davlat boji uchun 446 ming, pochta xarajatlariga 16 ming, FXDYodan bolangizning guvohnomasini olishga 56 ming so‘m kerak bo‘ladi.
Odil aytilgan to‘lovlarni qildi. 100 AQSh dollari va 300 ming so‘m pulni oldindan xizmat haqi uchun Abdurahimga berdi.
Oradan biroz vaqt o‘tdi, ammo “advokat”ning ish bo‘yicha biror harakati sezilmadi. 2020 yilning boshlarida fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida O.Abdug‘aniyevning ishi ko‘rilib uning arizasi sud tomonidan rad etildi. Sudda u kutgan natija chiqmagach, advokatidan nega banday bo‘lganini so‘radi.
- Endi ishni apellyasiya, kassatsiya va boshqa yo‘llar orqali hal qilamiz, - dedi Abdurahim beparvo. Bu gap bilan mijozini hovuridan tushirdi.
Iyun oyining boshlarida Odil advokatidan turmush o‘rtog‘idan ajrashish, mol-mulkni bo‘lishish va bolasini ko‘rishga ariza yozishda yordam berishini so‘radi. Ammo bu ishlar bilan shug‘ullanishga o‘zining vaqti yo‘qligi sabab unga singlisi Dilnozaga uchrashishini aytdi. Dilnoza Odil bilan gaplashganida, “Bu uchta yo‘nalish bo‘yicha ariza yozishda yordamlashish 200 AQSh dollari bo‘ladi”, dedi advokat.
13 iyun kuni Jomboy tumani “Shayman” dehqon bozori avtoturargohi oldida Dilnoza unga akasining pasporti va pullarni olib kelganini aytdi.
- Mayli bering, ishni sizlarning foydangizga hal qilishni boshlayman, - dedi-da, pul va pasportni olib, mashinasi tomon yurdi...
Abdurahimning sud ishiga hech qanday ta’sir o‘tkazmayotgani, hatto bu ish bilan umuman shug‘ullanmagani Odil va uning singlisida shubha uyg‘atayotgan edi. Ayniqsa, so‘nggi marta uchrashganida tap tortmay turli vajlar bilan ulardan pul talab qilishi sabr kosasini to‘ldirdi. Oqibatda bu haqda huquq-tartibot idoralari xodimlariga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
2 million so‘m pulni olib mashinasiga o‘tirayotgan sobiq advokat qo‘lga olindi.
Abdurahimni adashgan degan odatiy bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. U avval ham jinoyatga qo‘l urgan, tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lmagan ham edi. Afsuski, bundan to‘g‘ri xulosa qilmagan A.Pardayev yana firibgarlik yo‘liga kirdi va uning jinoyatiga qonun doirasida jazo tayinlandi.
Zafar QOBILOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudi devonxonasi mudiri.