Endi advokatlar qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lamaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar tomonidan «Soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Soliq kodeksining 70-bobini (Advokatlar hay’atlariga, advokatlik firmalariga, advokatlik byurolariga va advokatlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) chiqarib tashlash yo‘li bilan advokatlik tuzilmalarini qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylantirish nazarda tutilgan.

Deputatlar advokatlarning QQS to‘lovchilariga aylanishi ular tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamning qiymati oshirilishiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordamni olish imkoniyati pasayishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi.

Xalq vakillari qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar advokatlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytib, uni chiqarib tashlash taklifini ilgari surishdi.

Quyi palatada uzoq davom etgan tortishuvlar, savol-javoblar va bahs-munozaralardan so‘ng, deputatlar taklifi bilan Soliq kodeksining 70-bobi chiqarib tashlanmaydigan bo‘ldi.