Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida Bahodir Yalangto‘sh haqida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahrida “Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Chexiya, Qozog‘iston davlatlaridan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Buxoro, Samarqand viloyatlari hamda Samarqand shahridagi qator oliy o‘quv yurtlari akademik, professor, dotsent va tarixchilar ishtirok etdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari dastlab 1576-1656 yillarda yashab, Samarqandda ulkan obodonchilik ishlarini amalga oshirgan hukmdor Bahodir Yalangto‘sh mangu qo‘nim topgan Imom Maxdumi A’zam majmuasida bo‘lishdi. Ulug‘ ajdodimiz haqiga tilovat qilindi.

Konferensiya ishi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi. Sho‘balarda Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni, uning hukmdorlik davrida Samarqandda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, XVII-XVIII asrlarda Samarqanddagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot, Bahodir Yalangto‘shning Buxoro xonligi siyosiy barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni singari mavzular olimlar tomonidan o‘rganildi.

Shu o‘rinda, Bahodir Yalangto‘sh faoliyatiga doir ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘tish lozim.

Bahodir Yalangto‘sh – XVII asr boshlarida Samarqandda ulkan obodonchilik ishlarini amalga oshirgan, o‘z hukmronligi davrida shahar ravnaqini ta’minlagan, dunyo mo‘’jizasi sanalgan – Registon maydonidagi Sherdor hamda Tillakori madrasalarini qurdirgan hukmdorlardan biri.

Bahodir Yalangto‘sh mamlakatda xondan keyin eng badavlat shaxs bo‘lgan.

Abu Tohirxojaning “Samariya”sida yozishicha: “Bahodir Yalangto‘shning qabri Samarqand yaqinidagi Dahbedda, Mahdumi A’zamning oyog‘i ostida, sufa ustida, mozor devorining ichidadur”.