Mardin: qadimdan meros oshxona madaniyati

Turkiyaning Mardin viloyati gastronomiya mozaikasi sifatida qadim merosni o‘zida aks ettiruvchi noyob oshxona tajribalari bilan ajralib turadi.

Sivilizatsiyalar oshxonasi
Mardinda nonushtadan kechki ovqatgacha har bir ovqatlanish mahali va har bir ta’mning o‘ziga xos turi va retsepti mavjud.

Mardinning ko‘p madaniyatli teksturasida me’morchiligi va ijtimoiy an’analariga qo‘shimcha ravishda oshxona merosining o‘rni beqiyos. Mardinning xilma-xil madaniy tarixi shaharni Onado‘lining boy oshxona mozaikasining haqiqiy ta’mini tatib ko‘rmoqchi bo‘lgan kishilarning sevimli manziliga aylantirgan. Turkiyaning boshqa janubi-sharqiy shaharlari singari, Mardin oshxonasi ham asosan go‘shtli taomlarga asoslangan. Mardindagi ko‘plab taomlar meva va go‘shtni birlashtirgan noyob lazzatli ta’mni beradi. Biroq, yovvoyi bodring, qizilmiya va gundeliya kabi mahalliy o‘simliklar ham shahar oshxonasida muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, Mardin oshxonasi tarixiy Ipak yo‘lidan meros ziravorlardan ko‘p foydalanishi bilan e’tiborga molik. Dolchin, koriander, kardamon, zanjabil va pimento kabi ziravorlar ham taomlarda, ham shirinliklarda ishlatiladi.

Mardin nonushtasi: kunni boshlashning eng yaxshi usuli

An’anaviy Mardin nonushtasi shu atrofdan olingan mahalliy mahsulotlarni o‘z ichiga olgan ko‘plab navlar bilan boyitilgan. Mardin nonushtalarining yulduzi, shubhasiz, deyarli har mavsumda mavjud bo‘lgan mahalliy pishloqlardir. Bu navlarga Mardin lavash pishlog‘i, til pishlog‘i, tuzsiz shirin pishloq va echki pishlog‘i kiradi. Nonushta tarkibiga zaatar, tabiiy sariyog‘, kunjutdan tayyorlangan suyuqlik va meva suvi (tahin pekmez), Derik zaytunlari va boshqa ko‘plab mazali yeguliklar kiradi.

Geografik ko‘rsatkichlar, noyob taomlar
Mardinning tarixiy tosh uylari, cherkovlari, monastirlari va masjidlari har bir sayyohni beixtiyor o‘ziga jalb qiladi. Qolaversa, Mardin oshxonasi geografik ko‘rsatkichga ega sembusek (go‘shtli pirog turi) va Mardin ichli ko‘fte kabi betakror gastronomik taomlari bilan ham ajralib turadi. Ularning noyob ta’mi ajoyib taassurot qoldirishiga shak-shubha yo‘q. Shaharning eng mashhur an’anaviy taomlari orasida esa piyoz kabobi, kibbe, allujiye va firkiye kabi ajoyib lazzatlar mavjud.

Ayniqsa, geografik ko‘rsatkichga ega va taxminan uch soat davomida pishiriladigan ko‘p asrlik retsept bo‘lgan qovurg‘ali do‘lmaning ta’mi bir umr og‘izda qoladi. Harire, asosan uzum shinnisidan tayyorlangan pirogga o‘xshash desert bo‘lib, odatda u kechki ovqatni tugatish "usuli" hisoblanadi.

Zilola tayyorladi.