Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahriga kirish cheklandi

2020 yil 27 mart kuni soat 06:00 dan boshlab Samarqand shahriga barcha hududlardan kirish har qanday transport vositalari (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) uchun to‘xtatiladi.

Samarqand shahriga kirishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarda, shuningdek, Samarqand shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga, Samarqand shahrida joylashgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini olib borayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu bilan bir qatorda, 27 mart kuni soat 06:00 dan boshlab Samarqand shahri hududida tramvay va avtobuslar harakati to‘xtatiladi.

Shahar hududiga kirishga qo‘yilgan cheklovlarga va karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiramiz!

Aziz samarqandliklar, Sizlarni yana bir bor karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa, uyda qolishga chaqiramiz!

Samarqand viloyati hokimligi.