Samarqand yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlari Qaddumiy xonimni maftun etdi

Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalida xorijlik mehmonlar Samarqand hunarmandchilik mahsulotlari namunalarini tomosha qilib, zavq olishdi.
Jumladan, Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo – Tinch okeani mintaqasi prezidenti Gada Hijobiy Qaddumiy xonim usta Mansur Asadov tomonidan ishlangan ayvon, xontaxta, eshik kabi yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlarini ko‘rib, hayratini yashirolmadi.
- Samarqand shahri haqida ko‘p eshitganman, internet tarmoqlari, gazetalarda o‘qiganman, - deydi Qaddumiy xonim. – Meni, shubhasiz, Samarqandning rang-baranglik aks etgan xalq amaliy san’ati mahsulotlari qiziqtirar edi. Bu haqida saytlarda ko‘rgan bo‘lsam-da bugun ularning yasalishi, sifati va bejirimligini ko‘rib lol bo‘ldim. Ayniqsa, oddiy taxtaga «til kirgizgan» samarqandlik yog‘och o‘ymakorining ishi, san’ati har qanday tahsinga loyiq. Usta bilan suhbatlashib, uning o‘zi kabi o‘nlab shogirdi borligi meni yanada quvontirdi. Demak, O‘zbekistonda hunarmandchilik rivojlanadi, «Usta-shogird» maktablarining tashkil etilgani esa bu ko‘hna san’atning umri boqiyligini ko‘rsatadi.