Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 1051 ta saylov uchastkasi tuzildi

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazining Samarqand viloyati bo‘limida xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi.

Komissiya a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyev viloyatda saylov kampaniyasining borishi, komissiya tomonidan shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– Ayni paytda mamlakatimizda joriy yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda, – dedi S.Nuriyev. – Bu yilgi saylovlar “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar!” shiori ostida o‘tishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etishi, shubhasiz. Viloyat saylov komissiyasi ham mazkur muhim siyosiy kampaniyani yuksak saviyada, amaldagi qonunchilik talablariga to‘la rioya etgan holda o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlarni belgilagan. Hozirgacha Saylov kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, viloyatning ma’muriy-hududiy tuzilishi, aholi soni inobatga olinib va boshqa omillardan kelib chiqqan holda xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta saylov okrugi tuzildi. Saylov okruglarining ro‘yxati, ularning tartib raqami, nomi, joylashish manzili, hududiy chegaralari va saylovchilar soni ko‘rsatilgan holda matbuotda e’lon qilindi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillari orasidan okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi va bu haqdagi qaror, komissiyalar ro‘yxati matbuotda chop etildi.

Avvalgi yillardagi saylovlardan farqli ravishda bu yilgi saylovlarda komissiya a’zolarini saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Samarqand viloyatida jami 4779 kishi mazkur o‘quvlarda qatnashib, bilim va ko‘nikmasini oshirdi.

Saylov kodeksning 10-moddasida Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuzilishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu tartibdan kelib chiqib, viloyatimizdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 16 ta okrug saylov komissiyalari tomonidan 1051 ta saylov uchastkalari tuzilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 oktyabrdagi farmoyishi bilan xalq deputatlari Samarqand viloyati, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar uchun 3 milliard 398 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Samarqand viloyatida joriy yilgi saylovlarda ishtirok etish uchun 2 million 312 ming nafar saylovchi ro‘yxatga olindi. Aholining saylov borasida huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 oktyabrdagi qarori bilan 2019 yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha yurtimizda “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” e’lon qilindi. Viloyatda “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi”ni samarali o‘tkazish, aholining saylov borasidagi huquqiy madaniyatini yuksatirish maqsadida viloyat saylov komissiyasi tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Mazkur oylikni samarali tashkil etish va o‘tkazish uchun viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, saylov komissiyalari a’zolaridan iborat guruhlar shakllantirilgan.

Brifing davomida, shuningdek, viloyat saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan vazifalar, xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limining faoliyati to‘g‘risida ham jurnalistlarga ma’lumot berildi.

G‘.HASANOV.