Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda  “uddaburon folbinlar” ziyoratchi ayolni o‘marishdi

Namangan viloyatining Chust tumanidan kelgan ziyoratchi U. Samarqand shahrining Hazrati Xizr majmuasi va “Siyob dehqon bozori” atrofida sayohat qilib yurgan vaqtida, bir nechta ayollar kelib, unga “fol ko‘rib qo‘yishlarini”, buning uchun cho‘ntagidagi bor pullarini chiqarib kaftiga qo‘yishini aytadi.

Firibgarning nayrangiga tushgan U. pullarini qo‘liga olgan vaqtida ayollardan biri pulni teginib, ichidan bir qismini sezdirmay olib qo‘yadi va juftakni rostlaydi.

Pullarini sanab ko‘rgan U. “uddaburon folbinlar” uning 360.000 so‘m pullarini o‘marib ketishganligini bilib qoladi. Bunday vaqtda har bir fuqaroning ongiga birinchi bo‘lib IIB xodimlariga murojaat qilish kelishi tabiiy. U. ham shunday qildi. Shu atrofda xizmat maskani bo‘lgan Samaraqand viloyati IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga murojaat qildi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari natijasida ushbu holatni 1983 yilda tug‘ilgan M.I. sodir etgani aniqlanib, 360.000 so‘m pullar jabrlanuvchiga qaytarildi.

M.I.ga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Samarqand viloyati IIB barcha yurtdoshlarimizni bu kabi firibgarliklardan ogoh bo‘lishga chaqiradi.