Ma’rifiy sayohat yoshlar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qildi

Samarqand tumani yoshlar yetakchilari hamda mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar uchun Toshkent shahrida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markaziga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.

Yoshlarning tarixiy merosimizga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida uyushtirilgan sayohat davomida ishtirokchilar markazning zamonaviy arxitekturasi, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan ko‘rgazma zallari va multimedia imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, interaktiv ekranlar, 3D formatda taqdim etilgan ekspozitsiyalar hamda raqamli arxivlar orqali ular buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Markazda namoyish etilayotgan eksponatlar orasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlar alohida o‘rin egallaydi. Bu esa ishtirokchilarda milliy iftixor tuyg‘usini yanada kuchaytirdi.

Sayohat ishtirokchilari uchun ekskursovodlar tomonidan markaz tarixi, uning tashkil etilishi va bugungi kundagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, yoshlar zamonaviy ta’lim va ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan ham tanishdilar.

- Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki haqiqiy ilm va ma’naviyat o‘chog‘idir, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari G‘ayrat Boboxolov. - Bu yerda yoshlarimiz o‘z tarixini chuqur anglaydi, ajdodlarimizning dunyo ilm-faniga qo‘shgan beqiyos hissasini his etadi. Eng muhimi, ularda “Men kimman?”, “Qaysi buyuk meros vorisiman?” degan savollarga javob topishga intilish paydo bo‘ladi. Bunday sayohatlar yoshlarni faqat bilimli emas, balki yuksak ma’naviyatli insonlar qilib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.

Tadbir ishtirokchilari ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, markazda ko‘rganlari ularda katta ilhom uyg‘otganini ta’kidladilar. Ular kelgusida bu yerga yana qaytib, yanada chuqurroq o‘rganish istagida ekanliklarini bildirdilar.

Shu tariqa, mazkur sayohat yoshlar uchun nafaqat mazmunli dam olish, balki ularning intellektual va ma’naviy rivoji uchun muhim qadam bo‘ldi. Bunday tashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirildi.