Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi

27 fevral kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltmish ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan sessiya ishi tuman va shahar studiyalari bilan ulangan holda videoselektor tarzida o‘tkazildi.

Sessiyada deputatlar bilan birga kun tartibidagi masalalarga daxldor mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.

Kun tartibidagi birinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019 yil 15 fevraldagi KQ-507–III-sonli “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori haqida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchisi B.Nasriyev so‘zga chiqdi.

Qayd etildiki, parlament yuqori palatasining qarori bilan joriy yilning may oyida mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi o‘tkazilishi belgilandi. Mazkur qaror bilan saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga doir tadbirlar rejasi hamda Oliy Majlis Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Bu galgi saylovda viloyatimizda 1089 nafar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylanadi. Mazkur tadbirni amaldagi qonun talablari asosida tashkil etish maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi tarkibi hamda saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shundan so‘ng, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan tayyorlangan “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Samarqand shahridagi ijrosi to‘g‘risida”gi masala muhokama etildi.

Ushbu masala yuzasidan Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi a’zosi O‘.Saidmurodov axborot berdi.

Qayd etilishicha, qonun ijrosini o‘rganish jarayonida Samarqand shahar jamoatchilik transporti faoliyatida jiddiy kamchilik va muammolar borligi aniqlandi. Jamoatchilik fikrini bilish maqsadida zarnews.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlar orqali “Samarqand shahridagi avtobus va taksilar xizmatidan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? Transport xizmati sifatini yaxshilash uchun qanday taklifingiz bor?”, degan savollar orqali o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning 58 foizi “Shaxsan menga ma’qul emas”, degan javobni bergan. 34 foiz qatnashchi “Xizmat haqi qimmat”, degan to‘xtamga kelgan bo‘lsa, so‘ralganlarning 8 foizigina “ar holda ma’qul”, degan xulosaga kelgan.

Masala muhokamasida deputatlar, mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirok etib, o‘rganish davomida kuzatilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Sessiyada viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqovning “Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va bahorgi ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, viloyat hokimi o‘rinbosarlari B.Nurullayev, O.Xodjayev, A.Nurqulovning “Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi, “Samarqand viloyatiga investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi, “Samarqand viloyatida g‘alla hosildorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning borishi to‘g‘risida”gi axborot va hisobotlari ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Deputatlar viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Xalilovning “Samarqand viloyatida 2018 yil davomidagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati, huquqni qo‘llash amaliyoti hamda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning ahvoli to‘g‘risida”gi axborotini ham ko‘rib chiqdilar.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.