Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda xorijiy mehmonlar ishtirokidagi forumga start berildi

Joriy yil 14 yanvar kunidan “Birinchi Yevropa  va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari Forumi”ga start berildi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, forum 2020 yilning 19 yanvar sanasiga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Forumning birinchi kunidanoq iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning dolzarb muammolari, yangicha tamoyillar, tijorat va turizm sohalarida iste’molchi huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama etilmoqda.

Forumning davomi  16 yanvar kunidan boshlab Samarqandda o‘tkaziladi. Unda sohaga doir  xalqaro hamkorlik masalalarini globalizatsiya sharoitida o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar tahlil etiladi.

Forumda ishtirok etish uchun Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumer International), Xalqaro iste’molchilar jamiyatlari konfederatsiyasi vakillari, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Hindiston va Turkiya davlatlarining iste’molchilar huquqini himoya qilish tashkilotlari hamda Rossiya sifat nazorati (Roskachestvo) vakillari tashrif buyurishgan.

Ayni damda mamlakatda bo‘lgan ushbu mehmonlar uchun forum davomida turli madaniy dasturlar tashkil etilishi, Samarqandning diqqatga sazovor joylari, tarixiy qadamjolarining ko‘rsatilishi maqsad qilingan.