Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi MTMlarda «Ochiq eshiklar kuni»: 115 ta maktabgacha ta’lim muassasasida sharoit yaxshilanadi

Viloyat hokimligi yig‘ilish bayoniga asosan joriy yilning 5 avgustidan 5 sentyabrigacha viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida “Ochiq eshiklar kuni” oyligi o‘tkazilishi belgilangandi.

Mazkur tadbir munosabati bilan sektor va tashkilot rahbarlari, jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollari maktabgacha ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarni, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgan.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, aniqlangan muammo va kamchiliklar natijalariga ko‘ra, tashabbuskor tuman va shahar sektor, tashkilot rahbarlariga viloyatda 115 ta og‘ir sharoitda faoliyat ko‘rsatayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilab olingan.

Hozirgi kunda viloyatda 115 ta og‘ir sharoitda faoliyat ko‘rsatayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida tegishli ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman va shahar sektor va tashkilot rahbarlari hamkorligida maktabgacha ta’lim muassasalarining tom qismidan chakka o‘tmasligi, isitish qozonlari va isitish tizimlari barqaror ishlashi va barcha xavfsizlik talablariga javob berishi, ichki va tashqi hojatxonalarni sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq bo‘lishi, hududdagi yo‘laklarni (tratuar) betonlash, hududga gullar ekish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Eng asosiysi, hududni suv ta’minoti bilan to‘liq ta’minlash (ariq suvi, skvajina yoki yetarli darajadagi bir nechta kachalkalar), pol va potolog qismlarini ta’mirlash, bino atrofini devor bilan o‘rash yoki borini ta’mirlash, bolalar o‘yin maydonchasi (besedka) va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan omborxonalarni va oshxonaning sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq bo‘lishi, elektr va gaz tarmoqlari tizimini ta’mirlash, mebel va oshxona jihozlari, gaz plitasi, televizor, kompyuter, muzlatgich (xolodilnik), tarozi va gilamlar hamda bolalar o‘yinchoqlari va yotoq choyshablari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.