Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi Xalq qabulxonalariga “Cobalt” avtomashinalari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi tuman va shahar Xalq qabulxonalariga Samarqand viloyati hokimligi tomonidan “Cobalt” avtomashinalari topshirildi.

Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida avtomashinalar kalitini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bugungi kunda Xalq qabulxonalari davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashda samarali mexanizmga aylanganligini ta’kidlandi. Tadbirda xizmat mashinalar kalitlarini Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, viloyat prokurori F.Zufarov, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Sh.Uzoqov topshirdi.

– Bizga berilgan xizmat avtomashinasi ishimizni yana ham yengillashtiradi, – deydi Oqdaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdumajid Norbo‘tayev. – Sababi, endi tumanimizning chekka hududlarida ommaviy qabullar o‘tkazish, aholi muammolarini bevosita joyiga chiqqan holda mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish orqali o‘rganib hal etish imkoniyatini kengaytiradi.

Baxtiyor MUSTANOV.