Samarqandliklar farzandlariga ko‘proq qanday ism qo‘ymoqda?

Farzandingizga qanday ism qo‘yayapsiz, qaysi ismlar ota-onalarga ko‘proq ma’qul kelyapti, mazmunidagi savollarga javob izlab, "Zarafshon" gazetasining avvalgi yillardagi sonlarida ham doimiy ravishda maqolalar e’lon qilib borilgan.
O‘tgan yillar davomida chop etilgan maqolalarda aholi orasida xorijiy teleseriallar qahramonlariyu, mashhur kinoyulduzlarning ismini qo‘yish urfga aylanganligini yozgandik. Oshin, Ishani, Anjelina kabi ismlar shular jumlasidandir. Yaqinda futbol fanati bo‘lgan otalardan biri ham farzandiga Messi deb ism qo‘yibdi. FHDYo bo‘limi xodimlarining tushuntirish va boshqa takliflariga qaramay, chaqaloqdan buyuk futbolchi chiqishini niyat qilgan otaning aytgani bo‘ldi.
- Ammo bunday holatlar ilgarigiga qaraganda keskin kamaygan, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar FHDYo bo‘limi mudirasi Sitora Rashidova. – Keyingi paytda qizlarga Muslima, Mo‘mina, Imona, Soliha, o‘g‘il bolalarga Abdulloh, Muhammad, Mustafo kabi ismlarni qo‘yish ko‘paymoqda. Ota-onalarda islomiy ismlarga qiziqish katta bo‘lmoqda.
- Samarqand shahrida ham farzandlariga islom dini ahkomlari bilan bog‘liq ismlar qo‘yilishi urfga aylangan, - deydi Samarqand shahridagi 3-son FHDYo bo‘limi mudirasi Inobat Boboqulova. - Bu juda katta foizni tashkil etadi. Ilgarigidek turli seriallar, ba’zida hatto mashinalar nomini qo‘ymoqchi bo‘lgan ota-onalar kamaygan. Aksincha, ular orasida farzandiga qo‘yilayotgan ismning ma’nosini bilishga qiziqqanlar ko‘proq. Bo‘limimizda o‘zbek ismlari ro‘yxati jamlangan bir nechta kitoblar mavjud. Ikkilangan yoki qayerdadir eshitib qolgan ismlarni qo‘yishga harakat qilgan ota-onalarga shu kitobni ko‘rsatib, undan ism tanlashlarini tavsiya qilamiz.
Ismlar ham har bir davrda o‘ziga xos tarzda urfga aylanayotganini kuzatish mumkin. Deylik, bundan 20-30 yil avvalgi Gulnora, Gulchehra, Sabohat, Botir, O‘ktam, Orif, Odil kabi ismlar bugun kam uchramoqda.
Farangiz XUDOYoROVA.