Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDU professori fors-tojik adabiyoti ijodkorlari asarlaridagi komil inson talqinini tahlil qildi

«Hayrat ul-abror» dostonining Abdurahmon Jomiyga bag‘ishlangan bobida xabar berilishicha, Alisher Navoiy ustozi va piri murshidi Jomiy uyida ilmu adab ahli yig‘inida ishtirok etadi. Abdurahmon Jomiy suhbat asnosida «Xamsa»chilik an’analari, Nizomiy va Amir Xusrav «Xamsa»lari xususida fikr bildirib, javobiya aytish qoidalari, odobi haqida ham gapiradi, bu ishning mushkulligini ta’kidlaydi. O‘tirganlar Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy «Xamsa»larining har biriga xos fazilat va xususiyat haqida suhbatlashadi, ayniqsa «Xamsatayn»ning birinchi dostonlari «Mahzan ul-asror» va «Matla’ ul-anvor»ni ta’riflab tilga oladi. Bu fikr-o‘y sohibi Abdurahmon Jomiyga ham ma’qul tushadi.

Jomiy tilidan:

Gavhare yo‘q «Mahzanul-asror»dek,

Axtare yo‘q «Matla’ ul-anvor»dek.

Ya’ni, “Nizomiy gavhari bemisl bir gavhar bo‘lsa, Xusrav asari porlab turgan yulduzdek”.

Ushbu parcha o‘zbek mumtoz adabiyoti va Alisher Navoiy ijodining mamlakatimiz va mintaqamizdagi taniqli tadqiqotchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinovning “Fors-tojik shoirlari ijodida komil inson talqini” kitobidan olindi. Risola taniqli adabiyotshunos olim S.Olimov mas’ul muharrirligida SamDU nashriyotida chop etilgan.

Kitob fors-tojik adabiyotining uch zabardast shoiri – xamsachilik kashshofi Nizomiy Ganjaviy, hind so‘z sehrgari Xusrav Dehlaviy va buyuk so‘z ustasi Abdurahmon Jomiyning “Xamsa” turkumidagi birinchi dostonlarida komil inson talqiniga bag‘ishlangan.

Asar muqaddima, “Ulug‘ shoirlar ijodida inson talqini”, “Hazrati Payg‘ambar siymosi tasviri”, “Dostonlarda ko‘ngil timsoli”, “Valiylar va oriflar siymosi”, “Inson axloqi tasviri”, “Inson va adolat masalasi”, “So‘z fazilati”, “Ishq ta’rifida”, “Odamiylik va noodamiylik talqini”, xulosa va adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.

 Kitobda uch dahoning o‘ziga xos dunyoqarashi, Yaratuvchi, olam va odam, insoniylikning, axloqning bosh xususiyatlari, dunyoning bevafoligi, komil insonning fazilatlari haqidagi qarashlari qiyosan o‘rganilgan. Monografiyadagi har bir masala uch gigant shoir qarashlari asosida qiyoslangan.

Ma’lumki, buyuk Navoiy har uch ijodkorni birday ardoqlagan, asarlariga birday murojaat etgan, o‘zining o‘lmas “Xamsa”sini yozishda ularga tayangan. Ularning biriga adabiyot olamining sheri, biriga yo‘lbarsi, biriga esa fili deb baho bergan.

Ushbu monografiyada Sharq mumtoz she’riyatida juda katta o‘rin tutgan xamsanavislik an’analari qalamga olinar ekan, uch buyuk daho – Nizomiy Ganjaviyning “Mahzan ul-asror”, Amir Xusrav Dehlaviyning “Matla’ ul-anvor”, Abdurahmon Jomiyning “Tuhfat ul-ahror” dostonlarida komil inson masalasi qiyosiy tahlil qilingan. Holbuki, komil inson obrazi tasavvufiy adabiyotning markaziy mavzularidan biri bo‘lib, Sharq ijodkorlari o‘zlarining eng sara asarlarini ushbu mavzuni yoritishga bag‘ishlagan. Yuqorida tilga olingan dostonlarda komil inson talqini mavzuning markaziga qo‘yilgan holda mazkur uch ijodkorning o‘xshash va farqli tomonlari teran yoritib berilgan.

Kitobda qayd etilganidek, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiylarning odamning yaratilishi, xilqati va axloqiy-ijtimoiy vazifalari haqidagi qarashlari islom aqidalari asosida shakllangan. Adabiyotdagi asosiy tushunchalar kabi inson konsepsiyasi ham zamonlar o‘tishi bilan o‘zgarib turgan. Ammo odamiylik va noodamiylik tushunchalarini ajratib turuvchi aniq qoidalar bor. Bu Sharq mutafakkirlari tomonidan qayta-qayta murojaat etiladigan, asarlarining bosh g‘oyasini o‘zida ifodalaydigan fazilatlar iymon, vafo, hayo, saxovat, adab, rostgo‘ylik, ilm, kamolotga intilish odamiylikning belgilari sifatida keltirilgan bo‘lsa, ularning ziddi noodamiylikni mazammat etishga sabab bo‘lgan.

Monografiyadagi tahlillar bu daholarning inson masalasiga yondashuvlari, ular ilgari surgan tamoyillar va g‘oyalar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini ko‘rsatadi.

Fors-tojik adabiyotidagi komil inson obrazining qiyosiy tadqiqiga bag‘ishlangan ushbu asar ko‘p yillik sinchkov tadqiqotlarining samarasi o‘laroq paydo bo‘ldi. Mazkur kitob talabalarga fors-tojik mumtoz asarlarini o‘qitishda va bu adabiyotga qiziquvchilarga foydasi tegadi deb o‘ylaymiz.

Jo‘liboy ELTAZAROV,

professor.

Mashhura HASANOVA,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.