Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining faxriy mehmonlari uchun 50 dan ortiq xorijiy davlatlarga taklifnoma yuborildi

Bu yil Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yildan yilga ushbu nufuzli xalqaro tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan davlatlar soni ortmoqda. Ilk bor festivalda 31 ta mamlakat qatnashgan bo‘lsa, 2017 yilda 60 ga yaqin davlatlardan 250 nafarga yaqin ishtirokchilar shahrimizda mehmon bo‘lgan. Joriy yil festivalda ishtirok etish istagini bildirgan davlatlar soni 78 taga, umumiy ishtirokchilar soni 316 nafarga yetdi. Faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun 50 dan ortiq xorijiy davlatga taklifnomalar yuborildi. Xalqaro tanlovda 37 ta davlatdan 33 ta musiqiy jamoa hamda 157 nafar ishtirokchi qatnashish istagini bildirdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun 14 ta davlatdan 21 nafar olim, 23 ta davlatdan 52 nafar OAVlari vakili hamda 37 ta davlatdan 65 nafar festival mehmonlari (menejerlar, festival direktorlari, sohaning yetuk mutaxassislari), 19 ta davlatdan 20 nafar xalqaro hay’at a’zolaridan iborat nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi.

Yuqorida nomlari keltirilgan festival ishtirokchilarining 109 nafariga O‘zbekistonga kelib-ketish avia chiptalari bron qilindi.

Festivalning tantanali ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Toshkent shahridan Samarqandga 214 nafar ijodiy jamoa xizmat safariga yuborildi. Shuningdek, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan esa 16 nafar raqs jamoasi Samarqandda tayyorgarlik jarayonida ishtirok etmoqda.

 Samarqand shahridagi Registon maydonida, Sherdor madrasasi hovlisida o‘tkaziladigan tadbir uchun sahnaning montaj va tomoshabinlar amfiteatrida jihozlash ishlari olib borilmoqda. “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga tayyorgarlik jarayonlariga O‘zbekiston san’at arbobi, festival bosh rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev boshchilik qilmoqda.