Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sudga bosim o‘tkazishga hech kim haqli emas

“Sud biron-bir shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli ularning sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kunida aytgan fikrlari bejiz emas, albatta. Zero, sudya faqat qonunga asoslanib qarorlar chiqarsagina, adolat ta’minlanadi.

Bosh Qomusimizning 112-moddasida ham “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deb qayd etilgan.

Shuni yodda tutish kerakki, sud-mustaqil hokimiyat. U kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmaydi. Sud faqat qonunga tayanadi, dalilarga asoslanadi.

Albatta, demokratik huquqiy davlatni so‘z erkinligi, ya’ni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Taraqqiy etgan davlatlarda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligi taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch sifatida yuksak qadrlanishi ham shundan. Bu muhim omillar esa, o‘z navbatida, qonun ustuvorligi tamoyiliga bo‘ysunadi.

Biroq so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr qimati va sha’nini yerga urish qabilida tushinish kaltabinlikdan boshqa narsa emas.

So‘z erkinligi yuksak mas’uliyat va madaniyat belgisidir. Bu tamoyilga hamisha hurmat bilan munosabatda bo‘lish talab etiladi.

Bularni qayd etishdan maqsad shuki, keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bloger va jurnalistlar tomonidan sudlar faoliyatiga asossiz va ko‘r-ko‘rona tosh otilayotgani, hatto haqoratomuz “post”lar qoldirilayotgani har bir sog‘lom fikrli kishini befarq qoldirmaydi.

Ammo sud shunday jarayonki, unda kimdir yutsa, kimdir, albatta yutqazadi. Aslida, adolatni qaror toptirish tamoyili shuni taqazo etadi.

Aytaylik, biron bir fuqaro ishi fuqarolik yoki ma’muriy sudda ko‘rilib, yutqazgan bo‘lsa, tartib bo‘yicha yuqori sud instansiyasiga murojaat qilishi kerak. Lekin ko‘p hollarda ular ommaviy axborot vositalari va blogerlarga murojaat qilmoqda. O‘z navbatida, ular sudda yutqazgan tarafning vajlarini batafsil o‘rganib ham o‘tirmay chop etayotir.

Yutqazgan taraf shunday yo‘l tutsam, muammo hal bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Aslida bunday yo‘l tutish to‘g‘ri emas. Bu ta’bir joiz bo‘lsa, sudga bosim o‘tkazish, uni chalg‘itishdan boshqa narsa emas.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘r-ko‘rona chop etilayotgan shu kabi xabarlar jamoatchilikning sudlar to‘g‘risidagi tasavvuriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sir emas.

Qonunda sudga murojaat qilish tartibi aniq belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqaro birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘ldimi, marhamat, yuqori instansiya sudiga murojaat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, taraflarga sud hukmi yoki qarori o‘qib eshittirilgach, raislik etuvchi tomonidan taraflar norozi bo‘lgan taqdirda belgilangan muddatda yuqori turuvchi sudga apellyasiya yoki kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilish tartibi tushuntiriladi.

Mamlakatimizda sudlar ochiq-oshkor (yopiq sud majlislari bundan mustasno) faoliyat yuritadi. Sud jarayonlarida barcha bemalol ishtirok etishi mumkin. Ammo ayrim jurnalistlar sud jarayonida ishtirok etar ekan, hali sud hukmi yoki qarori o‘qib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarda e’lon qiladi. Bu ham sudga, sudyaga bosim o‘tkazishning bir ko‘rinishidir.

Bu bilan sudyalar mutlaqo xato qilmaydi, degan fikrdan yiroqmiz. Besh qo‘l barobar emas. Sudya ham muttasil ishlayotgan odam. Demak, u xato qilishi, kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Xato qilganlarga qonun talabi nuqtai nazaridan chora ko‘rilmoqda.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmaylik.

Bekzod BOBOQULOV,

Samarqand harbiy sudi raisi.