Tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan xotin-qizlar uchun biznes start

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi tadbirkorlik markazi tomonidan shu mavzuda o‘quv-seminar tashkil etildi.

Samarqand shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Samarqand shahrida yashovchi xotin-qizlar, biznesini yaqinda boshlagan tadbirkor ayollar ishtirok etdi.

O‘quv-seminarda xotin-qizlar tadbirkorlik markazining asosiy maqsad va vazifalaridan biri xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kasbga yo‘naltirish, hunarmandchilik, kasanachilik hamda tadbirkorlikka keng jalb qilish ekanligi, tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan opa-singillarimizga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit olish xuquqini beruvchi maxsus sertifikatlar berilishi alohida qayd etildi.

- Xotin-qizlarimiz tabiatan tadbirkor, - deydi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi tadbirkorlik markazi rahbari Sayyora Salimova. - Tadbirkor sifatida tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, biznesni boshlamoqchi bo‘lgan kishi yordamga, maslahatga zarurat sezadi. Bugungidek o‘quv-seminarlar opa-singillarimiz uchun ayni muddao bo‘ladi.

Tadbirda mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar hamda biznesda yo‘nalish tanlash muhimligi haqida atroflicha so‘z yuritildi.

- Yaqinda biznesni boshladik, lekin muamolarimiz anchagina, - deydi tadbirkor Matluba Omonova. - Asosan buyurtmalar asosida kiyim-kechaklar tikyapmiz. Bugungi tadbirda qiynayotgan masalalarimizga yechim topdik.

O‘quv-seminar so‘nggida yigirma nafarga yaqin xotin-qizlarga tadbirkorlik markazining sertifikatlari topshirildi.

M.RAVShANOVA.