Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tovarlarni tashishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganda bojxona to‘lovlari so‘zsiz undiriladi

Eslatib o‘tamiz, Bojxona kodeksining (BK) 31-bobida tovarlarni va transport vositalarini bojxona nazorati ostida tashish qoidalari belgilangan. Qator hollarda tovarlarni tashishda bojxona to‘lovlari (import boji, QQS, aksiz, bojxona yig‘imlari) to‘lanmasligi yoki hali to‘lanmaganligi bois bojxona nazorati o‘rnatiladi. Masalan, yuklar O‘zbekiston orqali tranzit qilinganda Respublika yo‘l jamg‘armasiga bitta avto uchun 50 dan 400 dollargacha yig‘im to‘lanadi (Prezidentning 29.12.2017 yildagi PQ-3454-son qaroriga 22-ilovaga qarang). Bunda mashinada tranzit qilinayotgan yuk importi uchun bojxona to‘lovlari bir necha marta ko‘p bo‘lishi mumkin, shuning uchun yuk yo‘lda “yo‘qolib” qolmasligi uchun nazorat zarur.

Bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni O‘zbekiston hududi bo‘yicha tashishda bojxona qonunchiligiga rioya qilish:

· bojxona hamrohligida avtotransport vositalarini kuzatib borishni qo‘llash (bu yerda kutish vaqti O‘zbekiston hududiga kelgan paytdan e’tiboran 6 soatgacha davom etishi mumkin, bojxona yig‘imi esa bitta avto uchun 200 km masofagacha ekvivalentda 50 yevroni, undan ortiq bo‘lsa – 120 yevroni tashkil etadi);

· Bojxona tashuvchilari reyestriga kiritilgan maxsus transport tashkiloti tomonidan tashilishi;

· BKning 47-bobiga muvofiq bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash (pul mablag‘larini bojxona organining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kiritish; tovarlarni garovga qo‘yish; bank kafolatini taqdim etish; bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyatini sug‘urtalash; kafillik) orqali ta’minlanadi.

Amaliyot shunday tarzda shakllanganki, bunda ta’minotni taqdim etish qulayroq va arzonroq. Biroq, bojxona nazorati ostida tovarlarni tashishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi.

Qabul qilingan hujjatda belgilanishicha, bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yo‘qotilganda yoki manzil bojxona postiga belgilangan muddatda o‘zgarmas holatda (tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi o‘zgarishlar bundan mustasno) yetkazilmaganligi holati aniqlanganda manzil bojxona posti 3 ish kuni ichida hududiy boshqarmani xabardor qiladi.

Taqdim qilingan hamda DBQ Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida vakolatli shaxsdan bojxona to‘lovlari va penyalarni so‘zsiz undirib olish haqida dalolatnoma tuziladi.

Vakolatli shaxs deganda chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgan yuk jo‘natuvchi, yuk qabul qiluvchi, tashuvchi yoxud boshqa manfaatdor shaxs tushuniladi. Bu tushunchaga vakolatli shaxs bojxona to‘lovlari to‘lanishi uchun ham javobgar bo‘lishi maxsus kiritildi.

Dalolatnoma bojxona to‘lovlarini to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma bilan birga 3 ish kuni ichida vakolatli shaxsga, kafilga (kafillik bilan ta’minlanganda), bankka (bank kafolati bilan ta’minlanganda), sug‘urtalovchi tashkilotga (sug‘urta bilan ta’minlanganda) yuboriladi.

Tovarlarni to‘liq manzil bojxona postiga yetkazish yoki bojxona to‘lovlarini to‘lash uchun 10 ish kuni beriladi. Agar bu bajarilmasa, BKning 47-bobida nazarda tutilgan choralar ko‘riladi. Jumladan vakolatli shaxsga bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod kilish bo‘yicha identifikatsion kod berish vaqtincha to‘xtatib turiladi.

Hujjat 9.10.2018 yildan kuchga kirdi.

 

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati