9-11 may kunlari ayrim joylarda sel kelish xavfi e’lon qilindi

Respublika Gidrometeorologiya xizmati agentligi taqdim etgan tezkor ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 9-11 may kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchayadi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi. 9-12 may kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, jumladan, viloyatimizning Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida sel, suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘raladi. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuzaga kelganda ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida barchadan hushyorlik talab etiladi.

9-11 may kunlari viloyat, shahar va tumanlar favqulodda vaziyatlar boshqarma va bo‘limlari hamda uning hududiy quyi tizimiga kiruvchi kuch va vositalarining 24 soatlik navbatchiligi tashkil etiladi.
Agarda joylarda sel va suv toshqini oqibatlari bilan bog‘liq holatlar kuzatilsa, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining (66) 240-06-01, (66) 240-06-02 hamda qisqa 1050 va 101 telefon raqamlari orqali tezkor boshqaruv markazining navbatchi-dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.