Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tovuq boqqan, tuyaqush ham boqadi

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga bel bog‘lagan ayollarga Payariq tumani xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi. Bunday e’tibordan payariqlik bekalar ham benasib qolmadi.

– Tuyaqush boqish uchun 25 million so‘m imtiyozli kredit olishga qaror qildim, – deydi tumandagi Bahor mahallasida yashovchi tadbirkor Nargiza Umirova. – Ayrim tanish-bilishlarim “Qo‘lingdan keladigan ishni qilsang bo‘lmaydimi, tuyaqush ham boqasanmi?”, deyishdi. Bu gaplarga parvo ham qilmadim, aksincha, oldimga qat’iy maqsad qo‘ydim “Nega tovuq boqqan odam tuyaqush boqolmas ekan, boshqalar bu ishning uddasidan chiqyaptimi, men ham qila olaman”, deb 16 ta tuyaqush jo‘jalarini olib kelib parvarishlay boshladim.

Yashirmayman, jo‘jalarining ikkitasi nobud bo‘ldi. Qolganini yaxshi parvarishlayapmiz. Uch kishi shu ish bilan doimiy mashg‘ul. Aytganimdek, tovuq boqqan odam bemalol tuyaqush ham boqar ekan. Maxsus yem, beda, sabzi, qizil lavlagi, karam kabi mahsulotlar bilan oziqlantirayapmiz.

Hozirda tuyaqushlarni boqish uchun joy masalasida ozroq qiynalayapman. Hovlimiz torlik qilib qoldi. Bu haqda tuman hokimligiga murojaat qildim. Masala hal bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Nargiza opa joy masalasida yordam berilsa, yil oxirigacha yana 50 ta tuyaqush jo‘jasi olib kelishni rejalashtirmoqda.

Husniddin XOLDOROV.