Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

 «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi: imtiyoz, imkoniyat, ish o‘rni va daromad

 “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoni bilan tashkil etilgan. Sanoat zonasi uchun viloyatning 5 ta hududi – Urgut tumanining Mergancha, Sariqtepa, Past Darg‘om tumanining Do‘stlik, Nurobod tumanining Sazag‘on va Samarqand shahrining Xishrav-2 massividan 918 gektar yer maydoni ajratilgan.

- Urgut tumanining Sariqtepa massividagi 246 gektar maydonda ikki yilda 272 million dollarlik 49 loyiha ishga tushdi va 3300 ga yaqin aholi ish bilan ta’minlandi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Xodjayev. - Ushbu korxonalar joriy yilning 7 oyida 554 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarib, 12,4 million dollarlik tovarlarni eksport qildi. Joriy yilda iqtisodiy zonada qiymati 350 million dollarlik 70 dan ortiq loyiha ustida ish olib borilmoqda. Mazkur loyihalarning to‘liq ishga tushirilishi hisobiga qariyb 5,5 mingta ish o‘rni yaratilishi, 250 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, 50 million dollarlik eksport amalga oshirilishi belgilangan. Shu asosda o‘tgan yilda 270 million dollarlik investitsiya kiritildi. Shuningdek, 24 ta loyiha tashabbuskorlari tomonidan 78 million dollardan ortiq sarmoya kiritilib, korxonalarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ushbu korxonalar faoliyat boshlashi bilan yana qariyb 1,4 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Qayd etish lozimki, erkin iqtisodiy zonada ishlab chiqarishni tashkil etgan tadbirkorga 3 yildan 10 yilgacha soliq imtiyozlari beriladi. Buning uchun avvalo, yuqori texnologiyaga asoslangan mahsulot ishlab chiqaruvchi, qo‘shilgan qiymat yaratuvchi, mahsulotni eksportbopligi va albatta ko‘proq ish o‘rinlari yaratiladigan loyihalar tanlab olinadi.

Urgut gilamlari Amerika va Yaponiyaga ham eksport qilinadi

“YEC gilamlari” korxonasi ana shunday talablar asosida tanlab olingan iqtisodiy zonadagi dastlabki korxonalardan biri hisoblanadi. Umumiy qiymati 21 million yevroga teng bo‘lgan korxonada 600 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda o‘rnatilgan bitta uskuna yordamida kuniga 1,5 ming kvadrat metr ip to‘qiladi.

- Granulani qayta ishlab, yiliga 2 million 600 ming kvadrat metr gilam mahsulotlari ishlab chiqarmoqdamiz, - deydi korxona ta’sischisi Jamoliddin Salohiddinov. – Gilam tayyorlash ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda granuladan ip tayyorlanadi va bu jarayonning o‘zi uch turga bo‘linadi. Ikkinchi bosqichda gilam ishlab chiqarish uchun 8 xil rangdan foydalaniladi. Tayyor bo‘lgan ipdan 15 dan ortiq turli dizayndagi gilamlar to‘qiladi. Hozirgacha mahsulotimizni 9 davlatga eksport qilayotgan bo‘lsak, yaqinda AQShga gilam yetkazish borasida shartnoma tuzildi. Shu paytgacha kunchiqar yurtga O‘zbekistondan bunday mahsulot eksport qilinmagan ekan, gilamlarimizni Yaponiyaga sotishni boshladik. Keyingi yil yana bitta liniyani ishga tushirib, qo‘shimcha 60 ta ish o‘rni yaratmoqchimiz.

Gaz plita uchun 137 korxona ochish mumkinmi?

Erkin iqtisodiy zonadagi eng istiqbolli korxonalardan biri “IDEAL ELECTROLUX” qo‘shma koxonasi hisoblanadi. Korxona rahbari Sohib Azimov dastlab maishiy texnika vositalarini chet eldan keltirib sotish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik bunday zamonaviy texnika vositalarini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

- Yurtimizda tadbirkorlar uchun qulay infratuzilma yaratildi va xorijiy hamkorlarimiz bilan shu yerda maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, - deydi S.Azimov. – Korxonamizda birinchi yo‘nalishda muzlatkich, televizor, elektr pech, gaz plita va boshqa maishiy texnika vositalari ishlab chiqarilyapti. Mahsulotimizni ichki bozordan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Rossiyaga eksport qilyapmiz. Pandemiya davrida 500 ming dollarlik mahsulot sotdik, yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 1,5 million dollarga yetkazmoqchimiz. Hozirda hamkor davlatlardan mahsulotimizga talab ancha ortdi. Shu talabga yarasha taklif etayotgan mahsulotimizning sifati yaxshi, raqobatbardosh mahsulot tayyorlash uchun harakat qilyapmiz.

Hozirgacha korxonamizda 50-65 foiz mahsulot mahalliylashtirildi. Biz kabi korxonalar foydalanadigan metall xomashyosi o‘zimizda ishlab chiqarilsa, natijani yanada yaxshilash imkoni yaratiladi. Masalan, birgina gaz plita uchun 137 xil xomashyo ishlatiladi. Bu esa 137 ta korxona ochish mumkin, degani. Agar respublikamizda shu yo‘nalishdagi korxonalar ikkitadan ochilsa, kamida 250 ta korxona bo‘ladi. Bu maishiy texnika bozorida juda kuchli raqobat yaratadi.

1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi

Joriy yilning o‘tgan 7 oyida erkin iqtisodiy zonada qiymati 9,8 million dollarlik tekstil, poyabzal, maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish yo‘nalishida 8 ta loyiha ishga tushdi. Yil yakunigacha yana 8 ta korxonada 750 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi, 307 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 6,6 million dollarlik eksportni amalga oshirish kutilyapti. Bu bilan yil yakunigacha iqtisodiy zonada amalga oshirilgan loyihalar soni 57 taga yetkaziladi, ish o‘rinlari 4 mingdan ortadi. Ishlab chiqarish quvvatlari 1,2 trillion so‘mga yetishi va 40 million dollarlik mahsulotni eksport qilish kutilyapti. Istiqbolda esa import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarni o‘rganish va joylashtirish rejalashtirilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.