Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uyat, hayo bizga yot holat...mi?

– Bizda bolalarni yoshligidan salom berishga o‘rgatishadi. Yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishi kerak. Ammo aksariyat yoshlar kattalarga salom bermaydi. – deb kuyunadi Amriddin Muhiddinovich galdagi suhbatimiz yoshlar odobi haqida borganda. - Rudakiy nomli maydon sersoya daraxtlar bilan o‘ralgan – yoshlar dam oladigan sevimli maskan. Atrofimizda ta’lim muassasalari ko‘p bo‘lgani uchun bu joy hamisha yoshlar bilan gavjum.

Otaxon “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi. Mo‘jaz qilib zamonaviy ko‘rinishda qurilgan chiroyli bino maydonga tutash bo‘lgani uchun ko‘pincha bo‘limga tashrif buyuradigan qariyalar barcha sharoit yaratilgan bino ichida emas, maydonda o‘rnatilgan o‘rindiqlarda o‘tirib, gurunglashishni yaxshi ko‘rishadi.

- Yoshlar nega salom berishni unutishgan, degan savol bilan keksalar bir-biriga murojaat etishadi, - deydi Amriddin aka afsuslanib, go‘yo bunga o‘zi aybdordek. – Ba’zan yonimizdan salom bermay o‘tib ketgan yoshlarni to‘xtatib, nega salom berishmaganini so‘rayman. Qay biri uzr so‘raydi. Boshqasi begona kishiga ham salom berish kerakmi, deya e’tiroz bildiradi. Hayron qolaman. Kim begona? Begona bo‘lgan taqdirda ham, duch kelganda, unga salom bermaslik kerakmi? Axir, bu qariyalarning yoshi 70-80 ga borgan. Salomga faqat alik bilan javob qaytarmaydi ular. Baraka top bolam, deb duo qilishadi. Rudakiy nomli maydonga doimiy keladigan yoshlar bizni tanib qolishgan – duch kelsak salom berishadi. Kim salom bermay o‘tsa, endi uni to‘xtatib, salom berishi lozimligini  aytish bizga odat bo‘lgan va buni barcha kattalar o‘ziga odat qilib olsa, yaxshi bo‘lardi – yoshlar va, albatta, kattalar ham kimni uchratsa salom beradigan bo‘ladi.

Yana bir murosa qilib bo‘lmaydigan holat, bu odamlar ko‘z o‘ngida yoshlarning bir-biriga suykalishi. Chetdan qaraganda juda xunuk ko‘rinish, – deydi Amriddin Muhiddinovich. – Bu, albatta, “ommaviy madaniyat”dan orttirilgan illat. Chunki bizning xalqda qiz bola yigitning yonida o‘tirish emas, unga uzoqdan qarashga ham botinmagan – uyat sanalgan.  Hayo, ibo nozik hilqat hisoblangan xotin-qizlarimizning o‘ziga xos xislati, fazilati bo‘lgan.  Istirohat bog‘larida, dam olish maskanlaridagi o‘rindiqlarda bir-birining pinjiga kirib ketgudek  bo‘lib o‘tirgan o‘smir yigit-qizlarni ko‘rsam, chidab turolmayman – borib, ularga e’tirozimni aytaman. Ularga qaragan kishining kayfiyatini buzadigan bu xatti-harakati maydonlarda, istirohat bog‘larida o‘ynab yurgan yosh bolalarning dunyoqarashiga salbiy tasir qiladi, bu illat ularning murg‘ak qalbidagi tug‘ma  uyalish tuyg‘usini so‘ndiradi.

Biz fotihalanganmiz, - dedi bir kuni  ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida qizni bag‘riga bosib turgan yigit bergan dakkimni nazar-pisand qilmay, so‘ng ko‘zlarini bo‘zraytirib, o‘dag‘ayladi. – Borib o‘z ishingizni qiling, chol. Bizga ishingiz bo‘lmasin.

Chidolmadim, borib yaqin-atrofda yurgan ikki nafar milliy gvardiya xodimiga  arz qildim. Ular yigit va qizni olib ketishdi. Menimcha, odamlar ichida odob-axloq qoidalarini buzayotganlarini ularga tushuntirib qo‘yishgan bo‘lsa, ajabmas.

Yuqorida qayd etilgan ikki masala ham millatimizga xos bo‘lgan milliy urf-odatlarimizga qachonlardir yot bo‘lgan holatlar. Endichi, endi yot emasmi? Siz nima deysiz?

Xurshid Nurillayev.