Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vahdoniyat tuyg‘usi bilan yashaydiganlar hayotdan ko‘proq rozi ekan

Vahdoniyat tuyg‘usi bilan yashaydiganlar hayotdan ko‘proq rozi ekan, deb yozmoqda minbar.uz. Amerika psixologiya assotsiatsiyasi e’lon qilgan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, borliqda barcha narsa o‘zaro bog‘liq, yagona mohiyatga ega deb ishonuvchilar hayotdan ko‘proq qoniqish olar ekan.

Boshqacha aytganda, har narsaning hikmati bor deb ishonish, tabiatda va jamiyatda maqsadga muvofiq tartibotni ko‘ra olish – vahdoniyat tuyg‘usi kishiga ruhiy ko‘tarinkilik beradi.

O‘z hayotidan qoniqish, mazmunli hayot kechirish har bir insonning istagi bo‘lgani uchun barcha dinlarda va falsafiy ta’limotlarda hayot ma’nosini topish, anglash muhim o‘rin tutadi.

Manhaym universitetidan (Germaniya) tadqiqotchi Laura Mari Edinger Shons 7137 odam (o‘rtacha yoshi 38) o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan.

So‘rovda turli dinlarga e’tiqod qiluvchilar – katoliklar, protestantlar, yahudiylar, buddistlar, musulmonu hinduistlar, shuningdek, hech bir dinga e’tiqod qilmaydiganlar qatnashgan.

So‘rovda ularga birlik, ijtimoiy birdamlik, tabiatga bog‘liqlik, empatiya va hayotdan qoniqish borasidagi munosabatlarini ochiqlovchi savollar berilgan.

Vahdoniyat tuyg‘usi yakkaxudolik e’tiqodini emas, balki butun borliqning yagonaligi, o‘zaro bog‘liqligiga ishonish va buni his qila olishdir. Panteizm yoki tasavvufdagi “vahdati vujud” ta’limoti vahdoniyat tuyg‘usini yaxshiroq ifodalaydi.

Qatnashchilarning munosabati, kayfiyati doimiy yoki oniyligini aniqlash uchun so‘rov 6 haftadan so‘ng qayta o‘tkazilgan.

Tadqiqotda birlik, vahdoniyat shkalasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich qayd etganlarning hayotdan qoniqish darajasi ham yuqoriligi, bu ikki shkala o‘rtasida kuchli aloqadorlik borligi aniqlangan.

“Vahdoniyat ishonchi muayyan sharoitga xos kayfiyat yoki tuyg‘udan kattaroq narsa. U umuman hayotga bo‘lgan munosabatni aks ettiradi”, – deydi tadqiqotchi.

Vahdoniyat tuyg‘usining dinlar va diniy e’tiqod bilan qay darajada bog‘liqligini o‘rganish uchun so‘rov yana bir marta o‘tkazilgan. Bunisida 67 ming kishi qatnashgan.

Diniy e’tiqodning bor-yo‘qligi emas, balki o‘sha diniy e’tiqodda vahdoniyat tuyg‘usi qanchalik namoyon bo‘lgani muhim.

So‘rov natijasiga ko‘ra musulmonlarda vahdoniyat tuyg‘usi, o‘rtacha olganda, boshqalarnikidan yuqoriroqligi aniqlangan.

Dahriylar bu shkalada eng past ko‘rsatkich qayd etgan.

Tadqiqotchi so‘rov Germaniyada o‘tkazilgani, shu bois xulosa boshqa hududlar aholisi uchun ham to‘g‘ri keladi deb bo‘lmasligini ta’kidlagan.