Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muhammad Shayboniyxon va Shayboniylar davlati. Bu haqda bizga nimalar ma’lum?

Shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxon (1451-1510 yillar) ma’rifatli hukmdorlardan bo‘lgan.

Shayboniyxon harbiy yurishlar va davlat ishlari orasida qisqa tanaffuslarda turli fanlar va islomni o‘rganish, tarixiy va she’riy asarlar bitish bilan shug‘ullangan. O‘z saroyiga ko‘plab tarixchi, shoir, olimlarni jalb etgan. Uning saroyida Kamoliddin Binoiy, Muhammad Solih, Mulla Shodi, Fazlulloh ibn Ro‘zbekxon kabi xalq sevgan shoirlar panoh topib, o‘z asarlarini yaratgan. Muhammad Shayboniyxon Hirotni qo‘lga kiritgandan so‘ng Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan portreti bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan.

Shayboniylar  sulolasi 1500-1601 yillarda hukmronlik qilgan. Bu davrda uch marta pul islohoti amalga oshirilgan. 1507 yilda Muhammad Shayboniyxon pul islohotini o‘tkazgan, bu o‘sha davrdagi iqtisodiy hayotning jonlanishiga xizmat qilgan. Uning davrida irrigatsiya tizimi rivojlangan va yirik sug‘orish inshootlari bunyod etilgan. Jumladan, Zarafshon daryosidagi suvayirg‘ichlar, Abdullaxon bandi, Tuyatortar kanali, Sangzor daryosidagi inshootlar, murg‘ob vohasidagi suv omborlari shular qatoriga kiradi. Bu jarayon sun’iy dehqonchilik rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu davrda ko‘pgina xalq xo‘jalik va me’morchilik inshootlari qurilishi, ilm-fan ishlari va adabiy muhitga asos solingan. Uning davrida ilmiy, adabiy asarlar yaratilgan. Bu qisqa davr ichida matematika, fizika, kimyo, hikmat, handasa fanlaridan tashqari tilshunoslik, tarix sohalari bo‘yicha ham yetuk asarlar yuzaga kelgan.

Shayboniylar davlatining ma’lum muddat poytaxti bo‘lgan Samarqandda ushbu sulola hukmronligi davrida madaniy hayot ham rivojlangan. Shayboniylar me’morchilik ishlariga ham ahamiyat berib, bu davrda bir qator yodgorliklar bunyod etilgan. Sulola vakillari maqsadga mo‘ljallangan qurilish ishlarini amalga oshirgan. Bu borada nafaqat sulola namoyandalari, balki o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan katta moddiy imkoniyatga ega kishilari ham chetda qolmagan. Chunonchi, Samarqanddagi Muhammad Shayboniy qurdirgan Xoniya, Abu Said Kalbobo, Ko‘kaldosh, Mehr Sultonxonim nomi bilan bog‘liq madrasalar shular jumlasidandir. Bu davrda Samarqandda Alayka Ko‘kaldoshning Juma masjidida marmar minbar (1528 y.), Juvonmard Alixon tomonidan hammom (1574 y.), Qozi Soqiy madrasalari qurilgan.

Shayboniylar davrida fan va madaniyatning rivojlanishida mazkur sulola namoyandalarining o‘rni katta bo‘lgan. Avvalo, ularning o‘zlari nihoyatda o‘qimishli shaxs bo‘lishgan. Chunonchi, Muhammad Shayboniyxon, Ko‘chkinchixon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II, Abdulazizxon kabi Shayboniylar turkiy va forsiyda she’r bitgan. Diniy va dunyoviy ilmlarda yetarli salohiyatga ega bo‘lgan.

  Bu davrda tibbiyot sohasida ham e’tiborga molik ishlar qilingan. 1541 yilda Muhammad Husayn Ibn al-Me’roni as-Samarqandiy tibbiy va farmakalogiya ro‘yxatiga oid ilmiy asar yozib, dorivor o‘simliklardan dori tayyorlash va saqlash uchun ishlatiladigan idishlarning rangdor nafis siyratlar ilova qilingan. Samarqandda tabiblar ko‘z kasalliklarini davolash ishlari bilan shug‘ullanganliklari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Ko‘z tabibi Shoh Ali ibn Sulaymon Navro‘z Ahmadxon huzurida ishlagan. Samarqandda Ko‘chkinchixon zamonida hirotlik tabib Sulton Ali ishlagan. U kasalliklar va terapiya haqida umumiy ma’lumot beradigan “Tabiblik dasturulamali” asarini yozgan.

Bu davrda tibbiyot sohasida bir qancha mohir tabiblar, hoziq hakimlar yetishib chiqdilarki, o‘z davrida “iftixor-ul-atib-bo” tabiblar iftixori unvonini olgan Muhammad Mazid, Hakim Shahrisabziy, jarroh (xirurg) mavlono Baqo, mavlono Rafe, 1541 yilda ilmi tib va dori-darmonlar haqida asar yozgan Muhammad Husayn ibn Shirakas Samarqandiy, ko‘z kasalliklarini davolashda nom chiqargan Shoh Ali ibn Sulaymon, o‘z zamonasining Suqroti nomini olgan Xoja Hakim va natijat-ul atbo laqabini olgan mavlono Abdulhakim ibn Mavlono Sulton Mahmud kabi hakimlar shular jumlasidandir. Bu tabiblar orasida, ayniqsa, mavlono Muhammad Mazid o‘zining ilmiy faoliyati bilan alohida ajralib turadi.

Masalan, tabiblar tayyorlashga moslashgan Doru-sh-shifo madrasasida Abu Ali ibn Sino, Ar-Roziy, Abu Ali ibn Rizvon Misriy kabi tabiblarning asarlari o‘rganilgan. Bundan tashqari, 1511 yilda yozilgan, 101 betdan iborat Muhammad Yusufning “Tibbiy Yusufiy” deb nomlangan risolasi tibbiyotga taalluqli ma’lumotlar haqida bo‘lib, tabiblarni tayyorlaydigan madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan.