Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vatanni ulug‘lash va ulug‘lattirishga undovchi asar

Taniqli tarixchi va arxeolog olim Amriddin Berdimurodovning “Vatan haqqiga munojot” asari nashrdan chiqdi (Toshkent shahri, “Adabiyot” nashriyoti, 2020 yil).

Muallif voqeiy hikoya va esselardan iborat ushbu kitobida vatanimiz tarixining ayanchli, o‘kinchli, armonli davrlarini katta iztirob bilan ifodalagan. Asarni o‘qir ekansiz “Nega biz osongina Vatanni bosqinchilarga berib qo‘ydik?” degan og‘riqli savolga javob izlaganiga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, kitobdagi “Oltin O‘rda shaharlariga sayohat”, “Mayoqqa aylangan do‘ppi”, “Parijda yashagan Temuriyzoda”, “Rimda pishirilgan palov”, “Germaniya sarguzashtlari”, “Londonga tashrif”, “Yapon olimasi bilan uchrashuv” kabi hikoyalari negizida muallifni aynan shu savol javobi qiynaganini e’tirof etish mumkin.

Olim kitobi xotimasida “Ushbu risolamni faqat bir niyatda, tabarruk Vatanim – O‘zbekistonni ulug‘lash va ulug‘lattirish, sevish va sevdirish, qadrlash va qadrlattirish uchungina yozdim”, deydi. Buning mohiyatini to‘la anglash uchun kitobni o‘qing, huzur qilasiz va otalarimizdan qolgan tarix qalbingizda faxrlanish hissini uyg‘otadi.

Akram BO‘RIYeV.