Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorijga chiqish biometrik pasporti olish tartibida o‘zgarish bo‘ladi

“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra:

- xorijga chiqish biometrik pasportiga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi haqida kiritiladigan qayd o‘rniga turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi qayd etiladi;

- xorijga chiqish biometrik pasportiga ichki ishlar organlari bo‘linmalari tomonidan vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd o‘rniga turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd kiritiladi.

Fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy propiskada turadigan yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan joylaridagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yoki konsullik ro‘yxatiga olingan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qiladi.

Agar fuqaroning doimiy propiskasi mavjud bo‘lmagan taqdirda xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun u oldingi ro‘yxatda turgan joyi bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish punktiga, propiskaga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda fuqaro xorijga chiqish pasportini olish uchun turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan joyidagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishi mumkin.

Xorijga chiqish biometrik pasporti yo‘qolgan taqdirda fuqaro darhol doimiy propiskada turadigan yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan va konsullik ro‘yxati bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishi shart.

Qaror loyihasining muhokamasi 22 noyabr sanasigacha davom etadi.