Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorijliklar Samarqanddagi qaysi sayyohlik xizmatlaridan norozi?

“Jartepa” chegara bojxona posti har doimgidek yo‘lovchilar bilan gavjum. Tojik qardoshlarimiz Samarqandni ziyorat qilgani kelishayapti, vatandoshlarimiz esa qarindosh-urug‘larini yo‘qlagani Tojikistonga o‘tib-qaytishmoqda.

Soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tish tizimi joriy etilganligi tufayli bojxona xodimlari har bir yengil avtomashinani o‘rtacha 15-20 daqiqada bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishmoqda. Bojxona posti orqali o‘tuvchi fuqarolar esa o‘rtacha 7-9 daqiqada bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda. Bu qulayliklar tufayli Tojikistonga kelgan sayyohlar Samarqandga o‘tish yoki aksincha, Samarqandga kelgan turistlar tojik diyoriga borish uchun mazkur chegara bojxona posti orqali ham harakatlanishmoqda.

Postdan o‘tayotgan bir guruh xorijiy sayyohlar bilan suhbat qurib, ularning taklif va istaklariga quloq tutdik:

– Londonda yashayman, - deydi Hendrik Johanez. - Toshkent xalqaro aeroporti orqali O‘zbekistonga keldim. Yurtingiz poytaxtini sayr qildim. Amir Temur muzeyi menda katta taassurot qoldirdi. Lekin temuriylar davriga oid eskponatlar soni biroz kam. Samarqanddagi tarixiy obidalarni tomosha qilib, juda hayratlandim. Haqiqatan afsonaviy shahar. Bu diyorda islom olamida nom qozongan ko‘plab olimlar, davlat arboblari va avliyolarning qabrlari bor ekan.

“Jartepa” chegara bojxona posti orqali Tojikistonga o‘tdik. Endi yana Samarqandga qaytayapmiz. Qo‘shni davlat o‘rtasida chegara ochiq bo‘lgani biz kabi sayohlar uchun ham birmuncha qulaylik yaratadi.

– O‘zbekistonda ikkinchi marta bo‘lishim, - deydi germaniyalik Kifer Ulrike. - Mamlakatingizda turizm sohasini rivojlantirishda bir qancha amaliy ishlar qilingan. Ammo hali qilinadigan ishlar bor. Masalan, taksi xizmatlari faoliyatini yaxshilash kerak.

– O‘zbek xalqi juda mehribon va mehmondo‘st, - deydi germaniyalik yana bir talaba Daniel Kevin Niko. – Ammo turistlarga yaratilgan sharoitlarda kamchiliklar bor. Masalan, sizlarda internet tizimi yaxshi ishlamas ekan. Samarqand dunyo xalqlari e’tirofida bo‘lgan turizm shahri. Ko‘hna shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish zavqli. Biroq shaharning ayrim ko‘chalari notekis. Bu esa mashinalarning harakatlanishida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bozor atrofidagi chiqindiga to‘lgan ariqlardan badbo‘y hid taralmoqda. Darvoqe, Samarqanddan Buxoroga borayotganimda yo‘lda hojatxonalarga kirdim. Rosti, u yerdagi ahvolni ko‘rib, ko‘nglim buzildi.

- Bir haftadan buyon O‘zbekistonda sayr qilib yuribman, uning tabiati menga juda manzur bo‘ldi, - deydi Shveysariyada ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan armanistonlik Eleanor Ardiff. - Mevalar mazali, milliy uslubdagi choyxonalarda tayyorlanadigan taomlarga gap bo‘lishi mumkin emas. Narxi ham arzon. Biroq tarixiy obidalarga kirishda chipta narxi mahalliy aholiga qaraganda xorijlik sayyohlarga qimmatroq sotilayotganiga tushunmadim.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.