Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangilanayotgan O‘zbekistonda saylovlar yangicha o‘tadi

2019 yil 20 sentyabr demokratik taraqqiyotning yangi sahifalarini ochib, insonparvar islohotlar samarasida dunyo hamjamiyatiga uyg‘unlashib borayotgan O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida muhrlanib qoladi.

Ushbu sanada Konstitutsiyaviy-huquqiy maqomga ega, faoliyatining asosiy tamoyillari mustaqillik, qonuniylik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat Markaziy saylov komissiyasi yangi O‘zbekistonda yangi saylovlar kunini e’lon qilish xaqida qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, 2019 yil 22 dekabr mamlakatimiz Parlamentining Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar kuni, deb e’lon qilindi.

O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda taraqqiy ettirishning beshta ustuvor yo‘nalishini o‘zida mujassam etgan Harakatlar strategiyasi hamda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq so‘nggi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari yangilanib, son jihatdan maqbullashtirildi, bir-birini takrorlovchi, o‘ziga xos bo‘lmagan, deklorativ funksiyalar bekor qilinib, ularda xizmat qiluvchilar tarkibining sifati yuksalib bormoqda.

Boshqaruvda ko‘p yillik amaliy tajribaga ega davlat xizmatchilari safiga zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlar tajribasini astoydil o‘rgangan, iqtidorli, istiqbolli, tashabbuskor yoshlar qo‘shilib, ular «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», tamoyiliga qat’iy amal qilib kelmokdalar.

Xususan, davlat va hokimiyat organlarining har bir xizmatchisi, xodimi joylarda, jumladan, eng chekka hududlarda ham xalq bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazib, lozim bo‘lsa, uyma-uy yurib, yillar davomida to‘planib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy kamchiliklarni, fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalarni o‘rganib, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. «Obod mahalla», «Obod qishloq», «Beshta muhim tashabbus» kabi xalqchil dasturlar doirasida mamlakatni obod qilish, xalqimizning hayotini yaxshilash, farovonligin yanada oshirish uchun astoydil xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarni ta’minlash, aholining farovonligini oshirish borasida “So‘z va amal birligi” shioriga qat’iy amal qilinmoqda.

So‘z erkinligi, e’tiqod erkinligi, matbuot erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va hur fikrlikka keng yo‘l ochildi. Mamlakatimiz dunyo davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab, dunyo hamjamiyati oldida yangi O‘zbekistonning ijobiy imidjini yuksaltirib bormoqda.

Joriy yilgi saylovlar Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yilning 25 iyunida imzolangan va kuchga kiritilgan yangi, yaxlit Saylov kodeksiga muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Yangi Saylov kodeksi ungacha amalda bo‘lgan saylov jarayonini huquqiy jihatdan tartibga solgan qonunlardan keskin farq qiladi. Avvalo, ushbu kodeks - demokratik, ochiq, oshkora va erkin saylovlar o‘tkazish bo‘yicha xalqaro huquq normalari va standartlarini, rivojlangan davlatlarning ijobiy tajribasini hamda kadimiy davlatchilik tarixiga, o‘zining uchmas va so‘nmas insonparvar, adolatli qadriyatlariga ega xalqimizning ijtimoiy adolat, bag‘rikenglik, so‘z va amal birligi kabi noyob g‘oya va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan. Sodda va ravon tilda yozilgan.

Avvalgi saylovlar jarayoni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi beshta qonun bilan tartibga solinar edi. Tabiiyki, undagi normalar tarqoq, ba’zan bir-birini takrorlovchi yoki inkor etuvchi qoidalardan iborat edi. Shuningdek, ayrim muhim masalalar qonun bilan emas, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining nizomlari yoki yo‘riqnomalari bilan tartibga solinar, ulardan foydalanuvchilar, amalda qo‘llovchilar, shu jumladan, xalqaro kuzatuvchilar uchun bir qator noqulayliklarni tug‘dirardi.

Qolaversa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilar tomonidan bevosita saylash orqali shakllantiriladigan davlat hokimiyatining oliy organi bo‘lishiga qaramasdan, 150 nafar deputatlik o‘rnidan 15 tasi siyosiy partiya maqomiga ega bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologik harakati vakillari uchun kvotalangan edi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga siyosiy partiyalardan tashqari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham nomzod ko‘rsatish huquqiga ega edi.

Bunday normalarning mavjudligi, o‘z navbatida, “saylov o‘tkazuvchi davlatlar saylov jarayonida ishtirokchilarning barchasi uchun bir xil va teng sharoitlar yaratishi lozim”, degan demokratik prinsipga uncha mos bo‘lmagan.

Yangi kodeksda bunday bo‘shliqlar ham bartaraf etildi. Yurtimizda yangi Ekologiya partiyasiga asos solindi. Mamlakatning siyosiy maydoni to‘la siyosiy partiyalarga taqdim etildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga esa bo‘lajak demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xalqaro standartlar qoidalari, milliy qonunchilik talablariga mos tarzda tashkil etilishi va o‘tkazilishini kuzatib borish uchun kuzatuvchilarini belgilash huquqi berildi. Ungacha bu huquq faqat siyosiy partiyalar hamda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillariga berilgan edi.

Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ishda saylovchilar tomonidan bir qancha partiyalarni yoqlab imzo qo‘yish imkoniyati berildi. Oldinlari siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ishda “saylovchi faqat bitta siyosiy partiyani yoqlab imzo qo‘yishi mumkin”, degan norma mavjud edi. Bu esa siyosiy partiyalarga ham, saylovchilarga ham noqulaylik tug‘dirardi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash bu saylovchining ixtiyoriy xohishi. Saylovchi siyosiy partiyaning dasturi va amaliy faoliyati bilan tanish bo‘lsa hamda mazkur siyosiy partiyaning saylovlar jarayonida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlasa, demak, ular to‘plagan imzo varag‘iga o‘z imzosini qo‘yadi. Lekin bu saylovchi aynan shu siyosiy partiyaning nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz beradi degani emas.

Saylovchi nomzodni qo‘llab-quvvatlashi uchun hali oldinda 2 oydan ziyod vaqt bor. Bu vaqt davomida siyosiy partiyalar, nomzodlar o‘zlarining saylovoldi dasturlarini e’lon qiladi. Saylovoldi tashviqotini olib boradi. OAV orqali chiqishlar qilib, saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazadi. Mabodo, saylovchi imzo to‘plash jarayonida 3 yoki 4 ta siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishi uchun imzo qo‘ygan bo‘lsa-da, uchrashuv va debatlar jarayonida qaysi siyosiy partiyaning nomzodi yoki platformasi unga ma’qul bo‘lsa, ovoz berish kunida saylovchi aynan shu partiyaning vakiliga yoki nomzodga ovoz berishi mumkin. Ovoz berish jarayonida esa bitta saylovchi faqat bitta ovoz berish huquqiga ega.

Avvalgi qonunlarda “Imzo varaqalarida imzolar soxtalashtirilgan taqdirda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyadan ro‘yxatga olish uchun hujjatlar qabul qilishni rad etadi hamda taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va qonun talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy par­tiya­larning rahbarlariga, vakolatli vakiliga belgilangan tartibda ma’lum qiladi”, deb belgilab qo‘yilgan edi. Bu qoida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok eta olmasligiga olib kelardi. Partiyalarga holatni to‘g‘rilash uchun imkon berishga oid norma mavjud emas edi. Yangi qabul qilingan kodeksga muvofiq siyosiy partiyalarga hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatish hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga qayta taqdim etish huquqi berildi. Ushbu demokratik talablarga javob beradigan norma siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etish imkoniyatini yanada mustahkamladi.

Partiyalar saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda avvalgi qonunlar bo‘yicha faqat bittadan kuzatuvchi berishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, mazkur kodeksda bunday cheklov chiqarib tashlandi. Bu ham ochiqlik, oshkoralikni, jamoatchilik nazoratini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, siyosiy partiyalarning tarafdorlari, ularni qo‘llab-quvvatlovchilar safini kengaytirishga, kuzatuvchilar uchun esa bir kun davomida saylov uchastkasida qimirlamay turish emas, balki almashib bu vakolatni amalga oshirish imkonini yaratadi.

Kodeksda siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari ham kengaytirildi. Endilikda vakolatli vakil saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. Avvalgi qonunlarda uning faqat saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqigina qayd etilib, shuning­dek, partiya vakolatli vakilni o‘z a’zolari orasidangina tayinlashi belgilangan edi.

Agar avvalgi qonunlarda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar, degan mazmundagi qoida belgilangan bo‘lsa, mazkur kodeksda ularning saylanishi mumkin emasligiga oid norma qoldirilib, “saylovda qatnashmaydilar” degan jumla chiqarib tashlandi.

Kodeksning 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi, deb belgilab qo‘yildi. Bu bilan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, ya’ni saylash huquqi vujudga keldi. Bu esa ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligini kodeksning 10, 27-moddalarida mustahkamlash imkoniyatini berdi. Bularning barchasi umumiy saylov huquqi prinsipi yanada kengroq ta’minlanganidan, xalqaro standartlar talablari implementatsiya qilinganidan dalolat beradi.

Kodeksda teng saylov huquqini ta’minlash mexanizmlari belgilanib, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanishi qayd etildi. Avvalgi qonunlarda saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanishi belgilangan edi. Bu nomzodlarning har xil vaqtlarda, kimdir avvalroq, kimdir keyinroq tashviqot boshlashiga olib kelardi.

Avvallari fuqarolarning ovoz berish tartibi chegaralab qo‘yilgan, ya’ni saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga faqat bitta belgi – “krestik” belgisini qo‘yardi. Kodeksda fuqarolarning ovoz berish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga uchta belgidan: ya’ni «+» yoki «˅» yoxud «x» belgisidan birini qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Fuqarolarning saylov huquqlarini yanada mustahkam kafolatlash maqsadida kodeksning 7-moddasida “Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi”, deb belgilab qo‘yildi.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning saylovga oid konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash maqsadida kodeksning 31-moddasida saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkinligi, 49-moddasida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish mahalliy davlat hokimiyati organlarining zimmasiga yuklatilishi, 50-moddasida ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek, ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Kodeksda shuningdek, ovoz berish saylov kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Avvalgi qonunlarda bu soat 6:00 dan boshlanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, saylov komissiyasi a’zolariga ham bir qator noqulayliklar keltirib chiqarardi. Saylov dekabrda bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu vaqtda hali kun chiqmagan, qorong‘i vaqt bo‘lardi.

Umuman, yangi Saylov kodeksidagi asosiy normalar bilan ungacha bo‘lgan saylov qonunchiligi normalari o‘rtasida o‘ttizdan ortiq demorkratik yangilik, o‘zgarishlar mavjud. Saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida ular albatta, siyosiy-huquqiy hayotimizga tatbiq etiladi.

Qisqasi, O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi. Joriy yilning 22 dekabrida mamlakatimiz Parlamenti va mahalliy Kengashlariga bo‘ladigan saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonni dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shishda yana bir muhim amaliy qadam bo‘ladi. Butun xalqimiz, saylovchilarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etishlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etiladigan viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, shuningdek, okrug va uchastka saylov komissiyalari bo‘lajak saylovlarni yuqori saviyada, xalqaro huquq normalari, milliy qonunchilik talablariga, demokratik saylov o‘tkazishning qonuniylik, tenglik, erkinlik, umumiylik, ochiq-oshkoralik va adolatlilik kabi insonparvar prinsiplariga to‘liq mos holda tashkil etish va o‘tkazishga bor bilim, imkoniyat va tajribasini safarbar etadi.

Xudoyor MAMATOV,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari, yuridik fanlar doktori, professor.