Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yong‘indan jabr ko‘rganlarga 100 million so‘mdan ziyod yordam berildi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbar-xodimlari va Toshkent shahar imom-xatiblari poytaxtimizning Shayxontohur tumani Oqlon mahallasida yong‘indan jabr ko‘rgan 4 ta xonadon ahlidan xabar oldi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ulamolar va imom-domlalar aziyat chekkanlarga tasalli berib, bunday talafotda qilgan sabrlari ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab berdilar. Yong‘indan jabr chekkan xonadon ahllariga 100 million so‘mdan ziyod pul mablag‘lari topshirildi.

Shuningdek, ushbu xonadonlarga mahalla ahli astoydil yordam ko‘rsatayotgani, yong‘in bo‘lgan xonadonlarni qayta qurish ishlari hashar yo‘li bilan bajarilishiga e’tibor qaratish va ana shunday og‘ir damlarda mahalla ahlining ittifoqligi juda ham katta oliy fazilat ekani alohida ta’kidlandi.

Ulamolarning hol-ahvol so‘rab kelganidan taskin topgan mahalla ahli va xonadon egalari shunday og‘ir damlarda tashrif buyurganlari va ko‘ngillarini ko‘targanlari uchun minnatdorlik bildirdilar.