Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlar bilan uchrashuv jonli muloqot tarzida o‘tdi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida avvaliga Prezidenimizning 5 ta muhim tashabbusiga doir ko‘rgazma tashkil etildi. So‘ng umumta’lim maktablari o‘quvchilari va o‘qituvchilar ishtirokida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boshlandi.

S.Usmonov yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Ilg‘or yoshlarning e’tiborini o‘tgan o‘quv yilida aynan maktab o‘quvchilari ishtirokida sodir etilgan huquqbuzarliklarga qaratib, bu kabi muammolarning oldini olishda shaxsiy ibrat va namuna bo‘lishga, tengdoshlari o‘rtasidagi kamchiliklarga qarshi kurashishda tashabbuskorlikka undadi. O‘quvchilarni qonunni hurmat qilish, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish, yaratilayotgan imkoniyatlarga munosib bo‘lishga chaqirdi.

O‘quvchi va o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslar, muammolar bilan rahbarga murojaat qilishdi.

Kamol Ibragimov:

— Samarqand shahridagi 3-umumta’lim maktabining yoshlar ittifoqi yetakchisiman. O‘quvchilarning aksariyati rabototexnika yo‘nalishiga qiziqadi. Maktabimizga shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi uzoqligi uchun ularning barchasi ushbu to‘garakka qatnay olmaydi. Shu bois rabototexnika yo‘nalishi bo‘yicha maktabimizda to‘garak tashkil etishda amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.

Dilnoza Alimova, Samarqand shahridagi 14-umumata’lim maktabi o‘quvchisi:

— Ijodkorman, she’r va hikoyalar yozaman. Ammo uni qaysi nashrda e’lon qilishni bilmayman. Shu bois ularni nashr etishda tavsiyalaringiz kerak.

Gulshoda Ibodova:

— Samarqand shahridagi 11-umumta’lim maktabida texnologiya fanidan o‘quvchilarga dars beraman. Qizlarimizga turli hunarlarni o‘rgatishga alohida e’tibor qarataman. Muammo shundaki, muassasamizda tikuv mashinalari yo‘q.

Shuningdek, o‘quvchilar umumta’lim maktablarida joriy etilayotgan variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalari, PISA Xalqaro tadqiqotlari haqida bir qator savollar bilan murojaat qilishdi. Jonli muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida ular tomonidan 20 ta taklif va murojaatlar bo‘ldi. Ularning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topilib, tushunchalar berildi.

Uchrashuv nihoyasida eng yaxshi taklif bildirgan, o‘qishi davomida yutuqlarga erishib, tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.