Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yuqumli kasallik haqida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

“Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” Qonun (O‘RQ–613, 26.03.2020 yil) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.

Qonunga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish maqsadida Jinoyat kodeksi 244-5-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish:

  • BHMning 200 baravarigacha (44 million 600 ming so‘m) miqdorda jarima;
  • 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek, Internet orqali tarqatish:

  • BHMning 200 baravaridan (44 million 600 ming so‘mdan) 400 baravarigacha (89 million 200 ming so‘m) miqdorda jarima;
  • 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.