Yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzax viloyatida koronavirus kasalligiga chalingan prokuratura xodimi va uning oila a’zolari bilan muloqotda bo‘lgan shifokor bemorlarni qabul qilishni davom ettirayotganligi sababli tegishli chora ko‘rish kerakligi” haqidagi audioyozuvlar tarqalgan.

Aniqlanishicha, fuqaro A.J. karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalgani haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni internet tarmog‘i orqali tarqatish maqsadida, 2020 yil 7 aprel kuni Jizzax viloyati bo‘yicha tuzilgan shtabga qo‘ng‘iroq qilib, navbatchiga “koronavirus kasalligiga chalingan prokuratura xodimi va uning oila a’zolariga tibbiy yordam ko‘rsatgan “Doktor A” xususiy shifoxonasi shifokori haligacha o‘z shifoxonasida bemorlarni qabul qilayotganligi sababli tegishli chora ko‘rish kerakligini” bildirgan.

So‘ng u viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga ko‘ng‘iroq qilib, navbatchilarga “Doktor A” xususiy shifoxonasi shifokorini tekshirib ko‘rish lozimligini, aks holda ular bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayoni yozib olingan audioyozuvni internet tarmog‘i orqali tarqatib yuborishini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 9 aprelda fuqaro J.A.ga nisbatan JKning 244-5-moddasi (karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.