O‘zbekiston–Tojikiston savdo, logistika va tibbiyot markazi barpo etilmoqda

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Jartepa” chegara bojxona postiga tutash hududda yirik xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston–Tojikiston savdo, logistika va tibbiyot markazini tashkil etish ishlari davom etmoqda.

Mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo aylanmasini kengaytirish hamda aholi uchun qulay infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.

Umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etuvchi mazkur yirik loyihaning qiymati 10 million AQSh dollariga baholanmoqda. Markaz hududida 400 ta savdo nuqtasi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yerda 1000 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Bu esa nafaqat hudud iqtisodiyotini rivojlantiradi, balki aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng yillik eksport hajmi 700–800 ming AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich hududning tashqi savdo imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.