Aholisi kamayib, demografik halokatga yuz tutayotgan mamlakatlar

Dunyo mamlakatlaridagi tug‘ilishning kamayishi va umr ko‘rish davomiyligining oshishi sog‘liqni saqlash va pensiya xarajatlari oshib borishini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, bu holat vaqt o‘tishi bilan keng ko‘lamli inqirozga olib kelishi mumkin.
Demograflarning ta’kidlashicha, aholi barqarorligini saqlab qolish uchun har bir ayolga tug‘ilish koeffitsiyenti kamida 2,2 (ikkitadan ko‘p farzand) bo‘lishi kerak, biroq AQSh, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 2 dan pastga tushib ketgan.
Ushbu tendensiyani immigratsiya yumshatishi mumkin, lekin vaziyatni tubdan o‘zgartira olmaydi. Ekspertlar demografiyasi belgilangan muddatga borib portlaydigan bombaga aylanib borayotgan davlatlarni aniqladi, deb yozadi Business Insider.
Amerika Qo‘shma Shtatlari. Mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ancha yuqori bo‘lib, 78,7 yilni tashkil etadi. 2017 yilda AQShda tug‘ilish darajasi rekord darajani qayd etdi va 1,76 ga tushdi. Vaziyatga 2008 yildagi iqtisodiy tanazzul, shuningdek, oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qish to‘lovi narxlarining yuqoriligi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlaydi mutaxassislar. Endilikda mamlakatda tug‘ilish darajasi 1970 yillar darajasidan ham past, ayollar 35 yoshdan keyin ona bo‘lishni afzal ko‘radi. Garchi immigrantlar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ishchilar nisbati pensiya oluvchilar foydasiga o‘sishda davom etib bormoqda.
Ispaniya. Har bir ispaniyalik ayolga o‘rtacha 1,5 bola to‘g‘ri keladi. O‘rtacha umr ko‘rish YeIda eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan bu mamlakatdagi ayollar Yevropada hammadan kechroq farzand ko‘rishadi. Shuningdek, Ispaniyada bir necha yillardan beri o‘lim darajasi tug‘ilish darajasidan baland va ba’zi shaharlar deyarli huvillab qolgan. Demografik inqirozning qayg‘uli misoli bo‘lgan Aragon shimoli-sharqiy mintaqasidagi La Estrella qishlog‘ida faqatgina 80 yoshdan oshgan ikki qariya istiqomat qiladi.
Italiya. 2017 yilda Italiyada tug‘ilish darajasi antirekord o‘rnatib, atigi 464 ming chaqaloq tug‘ildi. So‘rovlar ko‘plab italiyaliklar ikki yoki undan ortiq farzand ko‘rishni xohlashini ko‘rsatdi, ammo iqtisodiy qiyinchiliklar ularga bunday qilishga yo‘l bermaydi.
Latviya. So‘nggi 15 yil ichida aholining deyarli 20 foizi Latviyadan ko‘chib ketgan, deydi ekspertlar. 2017 yilda mamlakat aholisi ikki million kishini tashkil etdi. 2050 yilga kelib, u yerda faqat 1,52 million qolishi mumkin.
Janubiy Koreya. Janubiy Koreyada tug‘ilish koeffitsenti 1,26 ni tashkil etadi, bu aholi barqarorligini ta’minlash uchun yetarli emas. Demograflarning qayd etishicha, mamlakatdagi ayollar 31 yoshda birinchi farzandini dunyoga keltirishadi, bu dunyodagi eng maksimal ko‘rsatkich degani. Vaziyatni o‘zgartirish uchun Janubiy Koreya hukumati ikkinchi va undan keyingi bolalar uchun pul to‘lovlari va yosh otalar uchun otalik ta’tillari ham joriy etgan.
Yaponiya. Bu yerdagi vaziyat mamlakatdagi muhojirlar oqimi kuzatilmasligi orqali murakkablashadi. Ishlaydiganlar tobora kamayib bormoqda, soliqlar qisqarmoqda va pensionerlar soni, aksincha, har yili o‘sib bormoqda (Yaponiya uzoq vaqtdan beri o‘rtacha umr ko‘rish bo‘yicha rekord o‘rnatib keladi).
Buyuk Britaniya. So‘nggi o‘n yil ichida Buyuk Britaniyada tug‘ilish darajasi rekord darajaga tushishi bilan birga, 65 va undan katta yoshdagi aholi soni barqaror o‘sib bormoqda. The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi har yetti keksa odam (taxminan 1,4 million fuqaro) yoshi va kasalligi tufayli kerakli yordamni olmaydi.
Xitoy. Bu ro‘yxatda aholisi eng ko‘p bo‘lgan mamlakatni ko‘rishni hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Ammo haqiqat shundaki, Xitoyda demografik vaziyat juda noqulay. Xitoy “Bir oila - bir farzand” dasturi oqibatlari, aholining qarishi va ayollardan ko‘ra erkaklarning ko‘pligini boshdan kechirmoqda.
2016 yilda xitoylik oilalarga ikkita farzand ko‘rishga ruxsat berildi. Endilikda farzand ko‘rish uchun moliyaviy rag‘batlantirishlar va barcha demografik cheklovlarni bekor qilish takliflari ko‘rib chiqilmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.