Arzon uy-joylar arzonmi?

O‘z uyim - o‘lan to‘shagim
Xalqimizning bu naqlida katta ma’no bor. Uning qadrini ayniqsa, ijarama-ijara yashab yuradigan oila a’zolari juda yaxshi anglaydi. Rost-da, uyimiz bo‘lsa, ko‘nglimiz to‘q bo‘ladi, kelajakka ishonch bilan qaraymiz, ezgu maqsadlarni dilga tugib, yaratuvchanlikka intilib yashaymiz.
Ammo aholi soni o‘sib borayotgani natijasida keyingi yillarda har qarich yerning qadri oshib, odamlarning uy-joyli bo‘lishida talay muammolar kelib chiqa boshladi. Bu muammoga bar-ham berish maqsadida Prezidentimiz tomonidan xalqimiz turmush tarzi, orzu-istaklariga hamohang yaxlit tizim ishlab chiqildi.
Masalan, davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi "2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi, 2016 yil 22 noyabrdagi "2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorlari ushbu tizimning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatlarga ko‘ra, viloyatimizning barcha hududida aholining real ehtiyojlari hisobga olingan holda arzon uy-joylar qurilmoqda. Qishloqlarda bunyod etilayotgan ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali hamda aholi zich joylashgan tumanlarda maydoni ikki sotixlik yer uchastkalarida bir qavatli 2 va 3 xonali, to‘rt sotix yer uchastkalarida ikki qavatli 4 xonali hovlilar, shuningdek, shaharlarda 5, 7, 9 qavatli ko‘p kvartirali uylar kishilarning yashash sharoitlariga mos, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
O‘tgan yilning o‘zida viloyatimizning qishloq hududlarida 2 ming 300 ta, shaharlarda 1950 xonadonni o‘z ichiga olgan ana shunday uy-joylar qurilib, o‘z egalariga topshirildi.
Bu yil esa qishloqlarda 1900 dan ortiq 2 va 3 xonali hovli va ko‘p qavatli, shaharlarda qariyb 4 ming xonadonli 68 ta ko‘p kvartirali arzon uy-joylar bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Boshlang‘ich to‘lov - 30 foiz. Bu kammi, ko‘pmi?
Bugun aksariyat aholi arzon uy-joylar narxining 15 foizi miqdoridagi boshlang‘ich badal pulini to‘lab, uyga egalik qilmoqda. Shuningdek, ularga "Qishloq qurilish bank", Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, "Ipoteka bank", Xalq banki, "Asaka" va "O‘zsanoatqurilishbank" aksiyadorlik tijorat banklaridan uch yillik imtiyozli davr hamda dastlabki besh yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ipoteka kreditlari ajratiladi. To‘lovlarning 20 yil davomida to‘lanishi yurtdoshlarimizga, ayniqsa, katta imtiyoz va yengilliklar berdi. Bu yaxshi, albatta.
Biroq bugungi kunda Samarqand shahrining Qorasuv massivida qurilayotgan uylarning qariyb 90 foizining boshlang‘ich badali yuqoriligi, to‘lov muddati yaqinligi uy oluvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
- Bir xonali xonadonda onam, akam va men oilam bilan istiqomat qilib kelamiz, - deydi Sartepa maskanidagi 30-uy, 37-xonadonda yashovchi Kamol Soliyev. - Uyga ehtiyojimiz borligi tufayli shahar hokimligiga murojaat qildim. 2019 yilda quriladigan arzon uy-joylar uchun ariza qabul qilish yakunlanibdi. Shuning uchun menga tijoriy narxda qurilayotgan uylardan taklif etdi. Loyihalar bilan tanishdim, qurilayotgan 10 qavatli uy juda ko‘rkam, xonadonlari yashash uchun barcha sharoitga ega ekan. Biroq qimmat - xonadonning bir kvadrat/metri 3,5 million so‘m, to‘lov muddati - 10 yil. Bankdan kredit olishni lozim topib, men xarid qilayotgan uch xonali uyga beriladigan kreditni yopish uchun oylik to‘lovni so‘radim, salkam 4 million so‘m, deyishdi. O‘zim avtokorxonada haydovchi bo‘lib ishlayman. Maoshim 1,8 million so‘m atrofida. Oyma-oy bu summani qaytarish imkoniyatim yo‘q, ammo uy kerak.
- 2018 yilning oktyabr oyida ko‘p qavatli uylardan kvartira xarid qilish uchun navbatga yozilib, zarur hujjatlarni topshirdim, - deydi yosh oila sohibi Jamshid Sobirov. - O‘shanda "Xonadonning boshlang‘ich badali 15 foiz, o‘rtacha 39 million so‘m bo‘ladi", deyishgandi. Oradan ikki oy o‘tib, bankka to‘lovni amalga oshiray, deb borsam, "Boshlan-g‘ich badal 30 foiz - 89 million 200 ming so‘m to‘laysiz", deyapti. Bu summa men kabi ko‘pchilikka og‘irlik qilyapti…
Bozor talabidagi uyni uyga muhtojlar xarid qila oladimi?
Uyga muhtoj aholining yuqoridagi kabi e’tirozlarida jon bor: uylarning narxi oshgan. Narxlar oshgach, nafaqat birinchi to‘lov, balki olinadigan kredit miqdori va to‘lash foizi ham ko‘payadi. Qarabsizki, 1,5-2 million so‘m maosh bilan kun ko‘rayotgan fuqaro uchun bunday uylarni olish orzu bo‘lib qolaveradi. Xo‘sh, bu holatga mutaxassis nima deydi?
- 2018 yildan buyon Samarqand shahrida aholi va davlat xizmatchilari uchun uy-joylar faqat Qorasuv massivida barpo etilmoqda, - deydi Samarqand shahar hokimligi huzuridagi "Binolardan foydalanish, uy-joy va yakka tartibda uy-joy qurilish masalalarini muvofiqlashtirish departamenti" davlat korxonasi boshlig‘i Javlon G‘ofurov. - O‘tgan yili bu yerda 1 ming 344 xonadondan iborat 32 ta yetti qavatli arzon uylar barpo etildi. Bundan tashqari, davlat xizmatchilari va yosh oilalarga mo‘ljallangan besh qavatli 12 ta turarjoy qurilib, foydalanishga topshirildi.
2019 yilda o‘n qavatdan o‘n olti qavatgacha bo‘lgan 52 ta (3400 xonadonga mo‘ljallangan) ko‘rkam uylar, yetti qavatli (546 xonadonga mo‘ljallangan ikki va uch xonali) 13 ta arzon uy quriladi.
Ochiq aytish kerak, shaharda uy-joyga muhtoj oilalar ko‘p. Masalan, 2019 yilda quriladigan uy-joylar uchun fuqarolar o‘tgan yili navbatga yozilgan. Ammo ularning hammasini uy bilan ta’minlashning imkoni yo‘q. Shuning uchun shahar hokimligi huzurida tuzilgan maxsus komissiya fuqarolardan kelib tushgan arizalarni o‘rganib, haqiqiy muhtoj oilalarga uy-joy ajratdi. Natijada 539 nafar uy oluvchi 18,5 milliard so‘m boshlang‘ich badalni to‘ladi. Qolgan xonadonlar Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga imtiyozli tarzda berildi.
- Ko‘pchilik uy oluvchilar bilan suhbatlashganimizda "Uy-joyga muhtojman. Hokimiyatga ariza bergandim, mening navbatim kelsa-da, tanish-bilishchilik qilib, boshqalarga mendan oldin berishyapti", dedi. Bunga nima deysiz?
- Uy-joyga muhtoj aholidan tushayotgan arizalarni haqqoniy va shaffof holda o‘rganish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Nizom tasdiqlangan. Ushbu Nizomga ko‘ra, boshqa oila bilan bir xonadonda birgalikda yashovchi, ko‘p bolali oilalar, farzandlarini bir o‘zi tarbiyalayotgan onalar yoki otalar, daromadi yuqori bo‘lmagan xonadon sohiblari (bir oydagi jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan), tarkibida I guruh nogironi bo‘lgan yoki surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila, uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy normaga muvofiq bo‘lmagan oilalar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj hisoblanadi.
Maxsus komissiya ana shu me’yor asosida talabgorlar hujjatlarini o‘rganib, kimlarga birinchi navbatda uy berilishiga odilona javob topadi. Masalan, talabgorlardan biri ijarada yashaydi, ikkinchisi boquvchisini yo‘qotgan, uchinchisi esa ham ijarada istiqomat qiladi, ham boquvchisini yo‘qotgan, ham oila a’zolaridan biri nogironligi bor shaxs yoki dardman va alohida xonada parvarishga muhtoj. Bunday holatda, albatta, uchinchi talabgorning talabi qondiriladi. Ayrim fuqarolar esa buni to‘g‘ri tushunmay, boshqacha fikrda yuradi.
- Imtiyozli kreditsiz qurilayotgan o‘n, o‘n olti qavatli uylar qimmat. Boshlang‘ich badal va bank foizi yuqori. Buning biror sababi bormi?
- Uylarning narxlarini belgilash alohida komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Lekin, bir javob aniq: bunga sabab qurilish mollari narxining oshgani. Tahlillarga ko‘ra, keyingi olti oy ichida qurilish materiallari 25-27 foizga oshgan.
Shuni ham qo‘shimcha qilishim lozimki, jahon amaliyotida aholi uchun turar joy binolarini, asosan, xususiy qurilish tashkilotlari barpo etadi, xususiy banklar moliyalashtiradi. Tabiiyki, bu ob’yektlarning narxini mazkur muassasalarning o‘zlari belgilaydi. Ular aytgan summani to‘laganingizdan keyin yoki kreditga olayotgan bo‘lsangiz, shunga doir shartnomaga imzo chekkaningizdan so‘nggina uy-joyga egalik qilishingiz mumkin bo‘ladi. Bozor iqtisodiyoti qonunlari va huquqiy demokratik tamoyillarga asoslangan bu jarayon mamlakatimizda ham mavjud.
Demoqchimanki, bu yil Qorasuv massivida turkiyalik hamda "Agromir Buildings" mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 10 qavatdan 16 qavatgacha bo‘lgan uylar quriladi. Bugungacha bu uy-joylarni qurish uchun maqbul yer maydoni ajratilgan, uy-joy oluvchilarning arizalarini qabul qilish, ro‘yxatga olish va boshlang‘ich badallarini shakllantirish shu yilning 1 apreligacha davom etadi. Ayni kungacha bu uylardan kvartira xarid qilish uchun 3 ming 200 dan ziyod ariza tushdi.
- Bu bilan "Uy oluvchilar bozor narxida kvartira xarid qilishadi", demoqchimisiz?
- Yo‘q. Chunki hammaning ham uylarni bozor shartlari va narxlarida sotib olishga qurbi yetmaydi. Kvartiralarning nisbatan qimmatligi, boshlang‘ich to‘lovning yuqoriligi, to‘lov muddatining 10 yil qilib belgilangani quruvchi tomonidan qo‘yilgan talab va taklif. Qurilayotgan uy qanchalik ko‘rkam, sifatli, xonadonlar yashash uchun o‘ta qulay bo‘lmasin, uning narxi va to‘lovi biz uchun muhim. Shundan kelib chiqib, hokimlik mutasaddilari, komissiya a’zolari va deputatlar bu borada quruvchi tashkilotlar bilan munozaraga kirishib, uy oluvchilar takliflarini bildiradilar.
Arzon uy-joylar arzonmi?
Maqolamiz avvalida 2018 yilda viloyatimizning qishloq hududlarida 2 ming 300 ta ikki va uch xonali hovli va ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurildi, bu yil esa 1900 dan ortiq shunday uylar bunyod etiladi, dedik. Xo‘sh, bu arzon uy-joylar rostdan ham arzonmi? Ya’ni, ular xaridini kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning "cho‘ntagi ko‘taryaptimi"? Uy narxi, to‘lovlar borasida muammolar bo‘lmayaptimi? Bu uy-joylarni haqiqiy uyga muhtoj oilalarga berishda adolat bo‘lyaptimi? Shu savollarga javob topish maqsadida ayrim tumanlarda bo‘ldik.
- Opam va ukam nogiron, onam vafot etgan, otam keksayib qolgan, - deydi Toyloq tumani Shopo‘lat mahallasida yashovchi Dilshod Safarov. - O‘zim meva quritish korxonasida oddiy ishchiman, ayolim uy bekasi. Uy olish uchun 2016 yilda ariza bergandik. O‘shanda uy narxini 86 million so‘m, deb aytishgandi. 2018 yil dekabrda uyga ko‘chib keldik. Vaqtida kredit shartnomasini berishmagandi. Yaqinda olib kelishdi. Shartnomadagi summani ko‘rib hayratlandik: uyning asosiy qarzi 172 million so‘m, shundan 29 million so‘m homiylar tomonidan to‘lab berilgan. Qolgan summasi uchun besh yil imtiyozli davr uchun oyiga 976 ming so‘mdan to‘larkanmiz. 20 yilda uyning bahosi foizi bilan 305 million so‘m bo‘lar ekan. Oilamizdagi 3 kishining nogironlik nafaqasi 1,5 million so‘m. Ularga bir kishi doimiy qaramasa bo‘lmaydi, tag‘in dori-darmon, yeb-ichish, kiyim-kechak deganday… Rosti, uyning narxiga narx qo‘shilgani (?) bois to‘lovda qiynalyapmiz.
Yana bir masala. Biz borgan yangi uy-joyga ehtiyojmand oilalar uchun qurilgan va ushbu toifadagi kishilarga berilgan yangi uylarning ayrimlarida ijarachilar yashayapti yoki uylar bo‘m-bo‘sh turibdi. Masalan, Toyloq tumanida yangi qurilgan bir nechta xonadonga kirganimizda bu yerda yashovchilar mazkur uylarda pul to‘lab, ijarada turishini aytishdi. Past Darg‘omda ham ana shunday "ijarachi"lar bir nechta ekan.
Xo‘sh, bu uylarni olganlar shu paytgacha bitta hovlida siqilib qolgan, ijarada yashayotgan, boshpanasiz oilalar emasmidi? Agar haqiqatan ham shunday bo‘lsa, ular nega bu uyga kelib yashamayapti? Bu savollarni komissiya a’zolariga berganimizda har bir uyga talabgorlardan zarur hujjatlar to‘plangani va bu hujjatlar komissiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, xulosa berilganini aytishdi.
Masalan, Past Darg‘om tumanida tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ziyoda Eshmurodovaning aytishicha, tuman hokimligi huzurida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan uyga muhtoj oilalarning holati o‘rganib chiqilgan. 2019 yilda tuman komissiyasiga arzon uy-joylar olish uchun 229 kishidan ariza tushgan, ulardan 57 nafarini og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, 97 nafarini esa nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi. Ularning 32 nafariga uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida uy-joy berish rejalashtirilgan va hozirgacha 10 nafari uchun 280 million so‘m boshlang‘ich to‘lov homiylar yordamida to‘lab berilgan.
Umuman, 2019 yilda tumanlar hokimliklari huzurida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan yashash sharoiti og‘ir, uy-joyga muhtoj, kam ta’minlangan aholi uchun Narpay tumanida 41 ta, Oqdaryoda 56 ta, Paxtachida 21 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 34 ta, Payariqda 23 ta, Past Darg‘omda 28 ta, Qo‘shrabotda 30 ta, Urgutda 44 ta, Nurobodda 12 ta va shu kabi boshqa tumanlarda ham ikki sotixli hovli va ko‘p qavatli uylar qurilyapti. Bu uy-joylar uchun nogironligi bo‘lgan fuqarolarga davlatimiz tomonidan imtiyozli ravishda o‘rtacha 28 million so‘mdan pul mablag‘lari ajratilib, boshlang‘ich badal to‘lanayotgani ham bor gap. Bu yaxshi. Lekin, arzon uy-joylar, avvalo, ana shunday muhtoj oilalarning og‘irini yengil qilish maqsadida berilmoqda. Afsuski, xalq manfaatlaridan ko‘ra o‘z jig‘ildonini o‘ylagan ba’zi mansabdorlar tomonidan bu boradagi tartib va mezonlarning buzilishi holatlari ham kuzatilganini yuqoridagi misollar orqali bilish qiyin emas. Ya’ni, ayrim rahbarlar haqiqiy uyga muhtoj bo‘lganlarga emas, o‘ziga to‘q, uy-joyi yetarli kishilarga ham tavsiyanoma berganini qanday baholash mumkin?
Biz bu va maqolamiz davomida ko‘tarilgan muammolar, savollar bo‘yicha aholini uy-joy bilan ta’minlashga mas’ul mutasaddi rahbarlardan javob kutamiz. Va, albatta, haqiqiy uyga muhtoj bo‘lganlar chetda qolib, o‘ziga to‘q, uy-joyiga ega kishilarga tavsiyanoma bergan ayrim rahbarlar haqida gazetamizning keyingi sonlarida maqola beramiz.
Akram HAYDAROV, Dilmurod TO‘XTAYeV, Nasiba JONTO‘RAYEVA,
"Zarafshon" muxbirlari.