"Biz ularga futbol o‘ynashni o‘rgatdik, endi ulardan oilaviy qadriyatlarni o‘rganishimiz kerak…"

Hech esimdan chiqmaydi. O‘sha kuni o‘smir yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionati bo‘lishi kerak edi. Dadam esimni taniganimdan buyon birorta futbol chempionatlarini qoldirgan emaslar, ashaddiy muxlis edilar. Xullas, hayajon bilan, daqiqa sanab, muhim o‘yinni ko‘rishga hozirlik ko‘rayotgan edilar. Ayam ham o‘z navbatida bu payti dadamga nima zarur bo‘lsa, hammasini televizor qarshisiga tayyorlab, o‘zlari ketishga tayyorgarlik ko‘rdilar. Dadam ayamning gashtagi (pensiyaga chiqqan hamkasabalari bilan oyda bir ko‘rishadilar) borligini eshitib, biroz ranjidilar.

- Eh, muhim o‘yin kuni gashtaging borligi chatoq bo‘libdi-da, - chini bilan xafa bo‘ldilar dadam.

- Tezroq qaytishga harakat qilaman, - va’da berdilar ayam.

Gap shundaki, dadamning muxlislik qilayotgan komandalari g‘alaba qozonishini ayam ham chin dildan istar, ayniqsa, pensiyaga chiqqanlaridan so‘ng bu o‘yinlarni ular birgalikda tomosha qilishar edi. Har safar bunday tomoshada ayam o‘sha komanda g‘alabasini so‘rab, duo qilib o‘tirardilar.

Bu safar o‘zbekistonlik yoshlarning chiqishi esa nafaqat bizning oilada, balki mamlakatimizning barcha futbol muxlislarini ekran qarshisiga chorlagan edi. Xullas, ayam ko‘ngli xijil bo‘lib yo‘lga chiqdi. Hali o‘yin boshlanishiga vaqt bor edi. Buni qarangki, oradan yarim soat fursat o‘tar-o‘tmas, ayam uyga qaytib keldilar. Futbol endigina boshlangan, dadam hatto gapirishga ham vaqtini qizg‘anib "Nima bo‘ldi?" deganday ayamga qarab qo‘ydilar. "Dugonalarimga mazam bo‘lmayapti, deb qo‘ya qoldim, o‘zbekistonliklar yutishi kerak-da, yoningizda o‘tiray", deb javob berdilar.

O‘yinni tomosha qilishdan ham ko‘ra ko‘proq duo qilib o‘tirdilar, keyin bizga aytib berishlaricha, "Ixlos" surasini o‘qib o‘tirganlar. O‘sha o‘yinning natijasi hammamizga ma’lum, o‘zbekistonlik yoshlar jahon chempioni darajasiga erishgandilar.

Dadam bu yutuqdan shunchalik xursand bo‘ldilarki, yana bir karra ayamning duolari ijobat bo‘ldi, deb hammamizga bu haqda faxrlanib gapirdilar.

Aytish mumkinki, o‘sha kuni mamlakatimizning minglab oilalarida xursandchilik ovozlari yangragan bo‘lishi tabiiy. Yuz minglab oilalarda ota-onalar televizor qarshisida o‘zbek yoshlariga g‘alaba tilab, duo qilib o‘tirgan bo‘lsalar ajabmas. Yodingizda bo‘lsa, g‘alaba ma’lum bo‘lgach, tezkor ommaviy axborot vositalari xodimlari chempion bolalarning uylaridan reportaj tayyorlashgandi. Oila a’zolarining ekran qarshisidagi kuzatuvlari, ota-onalarining hayajonlarini, onalarning qo‘llari titrab, duoga qo‘l ochganlarini ko‘rib, ko‘zimiz yoshlangan.

Rostdan ham biz uchun ota-onalarimizning duosi, roziligidan ko‘ra ulug‘roq baxt yo‘q. Oiladagi asosiy qadriyatlarimiz, hatto kezi kelganda, orzu-istaklarimiz ham shu tushuncha bilan uyg‘unlashib ketgan. Hali bolaligimizdayoq onamizning og‘irini yengil qilishni, otamizga mashina olib berish yoki boshqa qulayliklar yaratish haqida o‘ylaymiz.

Deraza yuvishdan toliqqanimni ko‘rgan o‘g‘lim bolaligida "Sizga o‘zim deraza yuvib beradigan robot yasab beraman", degani hech yodimdan chiqmaydi. Umuman, har bir oilada bunday misollar ko‘p. Kimdir onasi uchun yuksak cho‘qqilarni zabt etishni istaydi, otasining orzularini ro‘yobga chiqarish uchun katta ishlarni boshlagan insonlar borligi haqida ham eshitib qolamiz.

Yodingizda bo‘lsa, mamlakatimiz faxri bo‘lgan futbolchi Odil Ahmedov bolaligi bilan bog‘liq xotiralarida bir voqeani yodga oladi. "Futbolga qiziqishimni sezgan otam meni shahrimizdagi futbol klubiga olib bordilar. O‘shanda murabbiylardan biri otamga qarab "Farzandingizning futbol o‘yiniga qiziqishi borligi yaxshi-ku, lekin sizning pulingiz bormi?" deb so‘radi ochiqdan ochiq. "Futbol bu pul degani, pulingiz bo‘lmasa, bolangizdan yaxshi futbolchi chiqishi gumon", deya fikriga yana alohida urg‘u berdi. O‘sha payti otamning boshi egilgani hanuzgacha ko‘z oldimdan ketmaydi. Albatta, eng zo‘r futbolchi bo‘laman, deya aynan shu payti ahd qilganim ham yodimda".

Keyingi voqealarni eslatish shartmas. Odil Ahmedov nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham tan olingan futbolchi sifatida e’tirof etildi.

Ota-onaning hurmati, uning roziligi biz uchun hayotimizdagi eng yuksak marra ekanligi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Undan o‘zgachasini tasavvur qilishimiz qiyin yoki ota-onaga nisbatan nomunosib munosabat har doim ham ko‘nglimizda norozilik uyg‘otadi. Besh begonaning ham qiblagohlariga nisbatan noo‘rin xatti-harakatidan ranjiymiz, tanbeh beramiz.

Yaqindagina barchamiz guvohi bo‘ldik, Qatarda o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Marokash terma jamoasi futbolchisi Ashraf Hakimiyning har galgi muvaffaqiyatidan so‘ng stadionda turib, o‘g‘liga muxlislik qilayotgan onasining yoniga borib, uni bag‘riga bosishi yoki shu jamoaning yana bir futbolchisining g‘alabadan so‘ng maydonda onasi bilan raqsga tushishi bilan bog‘liq suratlar ijtimoiy tarmoqlarni portlatib yubordi, millionlab insonlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.   

Nemis sharhlovchisi Qatarda o‘tayotgan jahon chempionatida marokashlik o‘yinchilar o‘yindan so‘ng o‘z onalarini quchoqlab o‘pgani, har bir o‘yindan keyin sajda qilishlariga e’tibor qaratdi.

"Biz g‘arb jamiyatimizda qalin oilaviy rishtalarni ortiq ko‘rmay qo‘ydik. Oila konsepsiyasi yo‘q bo‘lib ketmoqda, biz futboldan keyin modellar yoki dugonalarini o‘payotgan futbolchilarni ko‘ramiz, qachonki ota-onalari qariyalar uyida bo‘lishadi. Biz marokashliklarni futbol o‘ynashga o‘rgatdik, ular bizdan ham o‘zib ketishdi, endi ulardan etika va oilaviy qadriyatlarni o‘rganishimiz kerak. Shunda qachondir bizning o‘yinchilarimiz ham ota-onasining peshonasidan o‘payotganiga guvoh bo‘larmiz", dedi sharhlovchi bu voqealarga o‘z munosabatini bildirar ekan.

Ota-onaga ehtirom – bizning o‘lmas qadriyatlarimizdan biri ekanligi kishiga taskin beradi. Bugungi alg‘ov-dalg‘ov, hamma o‘z manfaatini o‘ylaydigan, yomon xabardan xursand bo‘lib, yaxshilik haqida eshitgisi kelmaydigan, aka ukasini, opa singlisini sudga berayotgan bir paytda odamlar orasida ota-onaga hurmat tuyg‘usi ustunlik qilayotgani hali insoniyat tamoman o‘zligini yo‘qotmaganini anglatadi, nazarimda. Har holda shunga ishongimiz keladi.

Gulruh Mo‘minova.