Chiqindini qayta ishlash borasidagi qonuniy asoslarni takomillashtirish, shu yo‘l bilan tizimni isloh qilish zarur

Yaroqlilik muddati tugab yo‘l chetiga, maysazorga yoki ariq bo‘yiga tashlab yuborilgan batareyaning atrof-muhitga, inson salomatligiga bir necha o‘n yil davomida jiddiy xavf solib turishini bilasizmi?

Internetda, ommaviy axborot vositalarida shu kabi chiqindilarning zararli oqibatlari haqida ko‘p aytilgan. Lekin bir-biridan xavotirli bunday xabarlardan so‘ng ham ekologiyaga bo‘lgan munosabatimiz, ekologik madaniyatimiz ijobiy tomonga o‘zgarmayapti. Atrof-muhit muhofazasi, xususan chiqindilarni qayta ishlash, zararsizlantirish masalasi keyingi yillardan yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, partiyamiz a’zolari va deputatlar ushb masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozim degan qarorga kelgan. Negaki, Samarqand shahridagi Xishrav qo‘rg‘oni hududida chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishi bir necha yillardan buyon cho‘zilib kelayotgan ekologik muammoni battar og‘irlashtirmoqda. Chunki bu yerda Fransiya kompaniyalari homiyligida yirik korxona qurish haqida kelishuvga erishilgan edi. Afsuski, hamkorlik amaliyotga ko‘chmayapti, uning samarasi sezilmayapti.

Bundan tashqari, tumanlarda ham chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus maydonlar ajratilgani bilan ushbu maydonlarda chiqindilar faqat ko‘miladi yoki yoqib yuboriladi. Bu odamlar salomatligiga beparvollik, tabiat musaffoligini saqlashdagi burchimizga xiyonat emasmi?

Partiyamizning taklif etilayotgan saylovoldi dasturida ayni shu masala, ya’ni chiqindilarni qayta ishlashni sanoat usulida yo‘lga qo‘lga qo‘yish, boradagi ishlarni jadallashtirish masalasi belgilangan. Unda bu ishning ijro mexanizmi, javobgarligi qonun doirasida qat’iy belgilab qo‘yilishini ilgari surmoqchimiz.

Negaki, bugungi qonun normalari tizimda ijobiy o‘zgarish bo‘lishini ta’minlay olmayapti. Shu bois muammoni hal etish yo‘llari, chora-tadbirlariga chuqur mas’uliyat bilan yondashilishini yo‘lga qo‘yish lozim.

O‘rni kelganda shuni ta’kidlash lozimki, saylovoldi dasturimiz ijtimoiy masalalarni keng qamrab olayotgani bilan ahamiyatli. Xususan, “Adolat” gazetasida chop etilgan “Oshirilgan kontrakt, tushirilgan stipendiya-qanchalik adolatli?!”, “Propiska: tartib o‘zgarishi kerak”, “Dollarga kelgan diplom sariq chaqaga arzimasa” sarlavhalarida berilgan takliflar jamoatchilik ko‘nglidagi gaplar bo‘lmoqda.

Muhiba BABABEKOVA,

“Adolat” SDP viloyat kengashi raisi.