Kitob o‘qitishning sirlari
Yaqinda yettinchi sinf o‘quvchilari bilan Lev Tolstoyning "Akula" hikoyasi yuzasidan yangicha mashg‘ulot o‘tkazdik. Hikoyaning o‘zi ta’sirchan. Ayniqsa, asardagi voqealarda o‘smir bolalarning ishtiroki shu yoshdagi o‘quvchilar uchun qiziqarli. Asarni o‘rganish jarayonida bolalarni bir necha guruhga bo‘ldik. Bir guruhi asardagi salbiy holatlarni tasvirlab bersa, yana bir guruh uning ijobiy tomonlarini tavsiflashi kerak bo‘ladi. Yana bir necha o‘quvchilar ushbu asar yuzasidan savollar tuzib, raqib jamoaga berdi. Asarni o‘rganishda bu usul har bir o‘quvchini ishlatadi. Ya’ni, hikoyaning mazmunini bir-ikki o‘quvchi aytib berishidan farqli o‘laroq, sinfdagi har bir bola o‘z fikrini aytish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tabiiyki, u yoki bu badiiy asar yuzasidan sinfda interfaol mashg‘ulot o‘tkazish uchun bolalar yozuvchi asarini uyida o‘qib kelishi kerak bo‘ladi. Bugun bu kabi uyga vazifa berilishi natijasiz ekanligini o‘qituvchilar yaxshi biladi. Hatto ota-onalari doimiy ravishda bolaning dars tayyorlash jarayonidan xabardor oilalarda ham darslikdagi asarlarni o‘qib kelayotgan o‘quvchilar sinf bo‘yicha sanoqli. Bu holat har qanday yangicha uslubni qo‘llashda xalaqit berishi tabiiy. Shuning uchun o‘quvchilarga uyga vazifani berishdan avval "Choraklik bahoning eng muhimini kelgusi dars belgilaydi", deb ogohlantirdim. Bu o‘quvchilarni sergak torttirdi. Sinfdagi aksariyat o‘quvchilar hikoyani o‘qib kelishdi. Mashg‘ulotning noan’anaviy o‘tilishi bolalarning asar haqida bir-biriga o‘xshamagan fikrlarni aytishga intilishiga sabab bo‘ldi. Bunday usul kelgusida biror badiiy asar tahlili bo‘yicha o‘tiladigan mashg‘ulotga puxta tayyorgarlik ko‘rishga ham zamin yaratadi.
Dilrabo SAYIDOVA,
Samarqand shahridagi 41-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi.