O‘qituvchi 20 million so‘m maosh oladi(mi?)
Bugun o‘z ustida muntazam ishlagan, milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ming dollardan yuqori maosh olyapti. Masalan, Toyloq tumani 15-IDUMning ingliz tili fani o‘qituvchisi Manzura Mirzaqulova yangi o‘quv yilidan qariyb 20 million so‘m ish haqi olyapti. Albatta, u bu natijaga osongina erishgani yo‘q. Tinimsiz izlanishlar, o‘qish, o‘rganishlar ortidan hamma havas qiladigan yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
- Toyloq tumanidagi 21-o‘rta maktabda tahsil olganman, - deydi M.Mirzaqulova. – 1997-yili Samarqand davlat chet tillar institutiga o‘qishga kirdim. Talabaligimda bir muddat o‘zim o‘qigan maktabda ishladim. 2004-yilda Baxshitepa qishlog‘iga kelin bo‘lib keldim va 2006-yildan ushbu maktabda faoliyatimni boshladim. 26 yildan beri maktabda o‘quvchilarga ingliz tilidan dars beraman.
Manzura Mirzaqulova qishloq sharoitida ham ro‘zg‘or, ham maktab ishidan ortib, malaka toifasini oshirishga harakat qildi. 2018-yilda u oliy toifani qo‘lga kiritdi. O‘qituvchi oliy toifani saqlab qolish uchun joriy yilning bahorida pedagoglar malaka toifasi uchun bo‘lib o‘tgan attestatsiya imtihonida qatnashib, 86 balni qo‘lga kiritdi. Yangi tartibga ko‘ra, test sinovida 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarga qo‘shimcha 70 foiz ustama beriladi.
Shuningdek, M.Mirzaqulova o‘tgan yili ingliz tilini bilish bo‘yicha xalqaro C1 sertifikatiga ham ega bo‘ldi. Xullas, bu yil u xalqaro sertifikat uchun ustama, attestatsiyadan 70 foiz ustama hamda maktab tomonidan 25 foiz ustama puli oladigan bo‘ldi. Bugun o‘qituvchi mehnatlari zoe ketmaganidan mamnun.
- Bolalarning hammasi ham fanni birdan o‘zlashtirib ketavermaydi, - deydi u. – Kimdir tushuntirgan darsimni tez o‘zlashtiradi, boshqasi sekin. Ayrimlari bilan alohida shug‘ullanishimga to‘g‘ri keladi. Men ko‘proq o‘quvchilarni rag‘batlantirish orqali mavzuni yetkazib berishga harakat qilaman. Joriy yilgi bitiruvchilardan bir nafar o‘quvchim ingliz tilini bilish bo‘yicha C1, uch nafar o‘quvchim B2 sertifikati oldi. Ulardan bir nafari Janubiy Koreyaga o‘qishga kirdi.
Qishloq o‘qituvchisining uyida ham bajarishi kerak bo‘lgan bir talay yumushlari bo‘ladi. M.Mirzaqulova darsdan keyin katta hovlisida ekin ekadi, tandirda non yopadi, ertalab sigir sog‘adi.
- O‘qituvchi astoydil harakat qilsa, qishloqda ham o‘z ustida ishlay oladi, - deydi u. – Men kechqurun uch nafar farzandim bilan dars tayyorlayman. Katta qizim bu yil Samarqand davlat chet tillar institutiga grant asosida o‘qishga kirdi. O‘g‘lim mazkur institutning akademik litseyiga qabul qilindi. Kichik farzandim maktabda o‘qiydi.
M.Mirzaqulova o‘quvchilarga darsdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlari ham o‘tadi. Shuningdek, yaxshi o‘zlashtira olmaydigan o‘quvchilarga darsni ko‘proq takrorlatadi. Qoloq o‘quvchilar mavzuni takrorlash orqali boshqa tengdoshlariga yetib oladi.
- Ingliz tili fani bo‘yicha ishlab chiqilgan elektron darsliklar o‘z faoliyatimda yaxshi samara beryapti, - deydi u. - Darsdan oldin mavzuga oid videodarsni o‘quvchilarga qo‘yib beraman, so‘ngra mavzuni tushuntiraman. Bu o‘quvchilarning mavzuni yaxshi o‘zlashtirishiga yordam beryapti.
O‘qituvchi maqsadga yetish uchun doim harakatdan to‘xtamaslikka intiladi. Shogirdlariga ham harakatchan, izlanuvchan bo‘lishni maslahat beradi.
Xurshida ERNAZAROVA.