Tabiiy gaz iste’molidan qarzdor korxona endi penya, davlat boji ham to‘laydigan bo‘ldi

2-sonli gaz ta’minoti uchastkasi Bulung‘ur tuman hududiy korxonasi tomonidan, ulgurji iste’molchilarning debitor qarzdorliklarni undirish yuzasidan taqdim etilgan ro‘yxatida “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasining tabiiy gaz iste’molidan 116 million 938 ming so‘m qarzi borligi aniqlandi.

Qarzdorlik yuzasidan Byuroning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda 5 kunlik muddat ichida to‘lab berilishi lozim bo‘lgan talabnoma yuborilgan. Unda debitorlik qarz vujudga kelganligi, agar debitorlik qarzi to‘lanmagan taqdirda shartnomaga asosan to‘lovning har bir kechiktirilgan kuni uchun penya hisoblanishi hamda tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilishi ko‘rsatilgan.

Talabnoma ijrosi “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasi tomonidan 5 kunlik muddat ichida bajarilmay, javobsiz qoldirilganligi sababli, korxonaga nisbatan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, tabiiy gaz iste’moli tarmog‘idan ajratilgan.

Oradan ancha vaqt o‘tib, 116 million 938 ming so‘m debitor qarzdorlikdan qisman, ya’ni 31 million 336 ming so‘m qarzdorlik bartaraf etilgan. Qolgan 85 million 602 ming so‘m miqdordagi debitor qarzdorlik yopilmagan.

Ushbu qarzdorlikni “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasi tomonidan tan olmaganligi sababli, Byuroning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan korxonaning tabiiy gaz resurslaridan bo‘lgan 85 million 602 ming so‘m qarzdorlikni “O‘ztransgaz” AJ korxonasi foydasiga undirish yuzasidan qonuniy qaror chiqarish uchun Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilgan.

Shuningdek, Jomboy tumanlararo iqtisodiy sud tomonidan “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasiga nisbattan ko‘rib chiqilgan sud ishida 2-sonli gaz ta’minoti uchastkasi Bulung‘ur tuman hududiy korxonasi (“Ta’minotchi”) va “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasi (“Iste’molchi”) o‘rtasida tabiiy gaz yetkazib berish va undan foydalanish yuzasidan shartnoma tuzilgan.

Ushbu shartnomaga ko‘ra, “Ta’minotchi” “Iste’molchi”ning buyurtmasiga muvofiq tabiiy gaz yetkazib berishni, “Iste’molchi” esa tabiiy gazni qabul qilib olish va belgilangan narxlar bo‘yicha haq to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.

Shartnoma asosida 85 million 602 ming so‘mlik qarzdorligi mavjudligi, ishdagi hujjatlar orqali o‘z isbotini topganligini inobatga olib, da’vogar tomonidan shartnomada nazarda tutilgan hisob-kitob shakliga amal qilmasdan, o‘z vaqtida qarzni undirish choralarini ko‘rmaganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining tegishi  moddalariga asoslanib, “O‘ztransgaz” AJ foydasiga “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasidan 85 million 602 ming so‘m asosiy qarz, 8 million 560 ming so‘m penya, oldindan to‘lab chiqilgan 16 ming 218 so‘m pochta xarajati, Respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 2 million 797 ming 162 so‘m davlat boji undirish yuzasidan hal qiluv qarori chiqarilib, majburiy tartibda undirish Byuroning Bulung‘ur tuman bo‘limi zimmasiga yuklatildi.

Hozirgi kunda “Obidjon Qurilish Servis” xususiy korxonasiga nisbatan ijro harakatlari olib borilmoqda.

Sardor ShUKUROV, Majburiy ijro byurosi

Bulung‘ur tuman  bo‘limi inspektori.