Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Turizm uchun eski shaharda yangi yo‘llar ochilyapti

Samarqandda xorijlik sayyohlarning uzoqroq qolishiga erishish maqsadida yangi turistik yo‘nalishlar, zamonaviy servis ob’yektlari va qulay shahar muhiti yaratilmoqda.

Shu maqsadda Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘cha piyodalar hududiga aylantirilmoqda hamda yangi turizm va servis ob’yektlari barpo etilmoqda. Bu loyihalar nafaqat shaharning tashqi qiyofasini o‘zgartiradi, balki mahalliy aholi hayot sifati va sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklarni ham yangi bosqichga olib chiqadi.
Ayni paytda Registon maydoni bilan Imom Moturudiy ziyoratgohini bog‘lovchi Buxoro ko‘chasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur ko‘cha tubdan yangilanib, to‘liq piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda.

– Uzunligi 850 metr bo‘lgan ushbu ko‘chani yangilash bo‘yicha loyihani ishlab chiqdim, - deydi Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulov. - Ilgari bu yerda avtomobillar harakatlanar, ko‘chaning torligi sabab tirbandliklar yuzaga kelardi. Piyodalar uchun esa xavfsiz va qulay muhit yo‘q edi. Endi ko‘cha to‘liq piyodalar hududiga aylanadi. Aholining avtomashinalari uchun alohida avtoturargoh tashkil etiladi. Ko‘chaga faqat favqulodda vaziyatlarda maxsus tarnsport vositalarigagina kirishga ruxsat beriladi. Ko‘cha bo‘yidagi binolarning fasad qismi milliy me’moriy an’analarni aks ettirgan holda zamonaviy qurilish materiallari bilan bezatilmoqda. Shu bilan birga suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari ham to‘liq yangilanyapti.

Avvallari ko‘chamiz torligi va mashinalar doim harakatda bo‘lgani uchun bolalarni ko‘chaga chiqarishga ham xavotirlanardik, - deydi Buxoro ko‘chasida yashovchi Temurxon Hotamov. - Yo‘laklar yo‘qligi sabab aholi, ayniqsa, keksalar va bolalarga ancha noqulaylik tug‘ilardi. Endi esa butunlay boshqacha muhit shakllanyapti. Bolalar bemalol sayr qilishi, aholi xavfsiz yurishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Eng muhimi, mahallamizning qiyofasi ham yangilanib, Samarqandning tarixi va milliy ruhini o‘zida aks ettirgan go‘zal maskanga aylanmoqda.

Samarqandda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bu bilan cheklanmaydi. Shaharning Oltin asr mahallasi hududidan o‘tgan Bog‘dod ko‘chasida ham yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Bu ko‘cha ham zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, hududda kecha-yu kunduz hayot qaynaydi.
Loyiha Bog‘dod ko‘chasining 0,6 kilometr qismida amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, 12 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etish, mavjud biznes ob’yektlari faoliyatini kengaytirish hamda 70 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat shahar iqtisodiyotiga, balki aholi bandligini ta’minlash va xizmatlar sohasini rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shadi.
Bugun Samarqandda amalga oshirilayotgan har bir loyiha nafaqat shaharning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirayotgani, balki uning xalqaro turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, milliy me’morchilik an’analarini saqlagan holda zamonaviy shahar muhitini barpo etish orqali Samarqand kelajakda nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun dunyoning eng jozibali turistik markazlaridan biriga aylanishi shubhasiz.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).