Yo‘l harakati inspektoriga kuch ishlatgan er-xotin jarimaga tortildi

Gap shundaki, shirakayf er B.Jumayev joriy yil 23 mart kuni soat tungi 02:00 larda “Kobalt” rusumli avtomashinani mast holatda Karmana-Paxtachi yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelayotganda “Samarqand” YPX maskanida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatiladi.
Haydovchining avtomashinadan tushish va hujjatlarni taqdim qilishi so‘ralganda, er-xotin inspektorning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, dastlab inspektorning qo‘l telefonini sindirishadi, keyin yuzini tirnab, urib, haqorat qilib, xizmat kiyimlarini yirtishgacha borishadi.
B.Jumayev va S.Jumayeva sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan po‘shaymonligini bildirishdi.
Sud tomonidan, jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalari har taraflama tekshirildi. Sudlanuvchilarning ayblariga to‘liq iqrorligiyu, qilgan qilmishilaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan sudlanuvchi B.Jumayevga eng kam oylik ish haqining 2.027.300 so‘m, sudlanuvchi S.Jumayevaga 1.419.110 so‘m miqdorida jarima tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi raisi Alisher Saydullayev bu haqda ma’lum qildi.