14 nafar fuqaro ishlash uchun Yekaterinburgga jo‘nab ketdi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan yurtimizning turli hududlarida xorijiy ish beruvchilar ishtirokida mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.

O‘tkazilgan yarmarkalarda Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya, BAA, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Litva, Latviya, Yaponiya va Vengriya kabi davlatlardan 70 dan ortiq ish beruvchilarning qurilish, uy xo‘jaligi, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari, mebel ishlab chiqarish, baliqchilik, parrandachilik, mehmonxona biznesi, tibbiyot hamda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishning boshqa yo‘nalishlarida ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilgan edi.

Mazkur yarmarkalarda ishtirok etib, shartnoma tuzgan 14 nafar fuqaro 18 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahridagi “PUSK“ qurilish kompaniyasiga g‘isht teruvchilik sohasi bo‘yicha ishlash uchun tashkillashtirilgan holda uchib ketdi.

Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.