2020 yildan boshlab bitiruvchilarga yangi namunadagi diplom beriladi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, diplomlarning yangi namunalari 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi, deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xabarida.
Hujjatda bakalavr va magistr diplomlari, shuningdek OTMdan chetlatilgan taqdirda akademik ma’lumotnomaning davlat namunalari taqdim etilgan.
Akademik ma’lumotnomada o‘zlashtirilgan fanlar ro‘yxati, topshirilgan kurs ishlari, amaliyot o‘tilganligi, yakuniy attestatsiya natijalari va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Ushbu hujjatlar blankalari kompyuterda to‘ldiriladi va tekin tarqatiladi (dublikat berish holatlari bundan mustasno). Diplomlarning bumvinil muqovalari sun’iy charmdan tayyorlanganiga almashtiriladi.
Shuningdek, har bir diplomning ichiga individual QR-kod qo‘yiladi. QR-kod qo‘yish tizimi hamda uning dasturiy ta’minoti uch oy muddatda ishlab chiqiladi. Mazkur chora diplom va uning ilovasida mavjud ma’lumotlarni olish imkoniyatini kengaytiradi hamda mamlakatimiz diplomlari shaklini ilg‘or xorijiy amaliyotda foydalanilayotganlariga yaqinlashtiradi.