Akademik Diamat Abdukarimov hamon izlanishda
Samarqandlik olim, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, g‘allachilik va kartoshkachilikda o‘nlab yangi navlar muallifi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Diamat Abdukarimov 85 yoshga kirdi.
Shu munosabat bilan Samarqand veterinariya institutida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, institut rektori X.Yunusov, Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov, Tojikiston Fanlar akademiyasi akademigi K.Partoyev va boshqalar akademik Diamat Abdukarimovning mashaqqatli hayot yo‘li, ilmiy-pedagogik sohadagi faoliyati, ustoz sifatidagi fazilatlari xususida gapirdi.

- Men Diamat To‘xtayevich bilan besh yil institutda birga o‘qiganman, - deydi D.Abdukarimovning kursdoshi, dotsent Inoyat Akromov. – O‘sha paytlarda ham chehrasi ochiq, qalbi pok, vujudidan kuch-g‘ayrat yog‘ilib turgan yosh Diamat har sohada ilg‘or edi. Fan sirlarini o‘zlashtirishga intilar, yangiliklar yaratishga o‘ch edi. Bugun ham bu g‘ayrat uni tark etmagan. Yurtboshimizning akademiklar oldiga qo‘ygan vazifalaridan og‘ishmay, ilmiy va amaliy ishlarini davom ettirmoqda. Olimning Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, mazkur oliygoh qoshidagi akademik litsey, «O‘zpaxtayog‘-sanoat» aksiyadorlik jamiyati, qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi hamda veterinariya ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ilmiy izlanishlari tahsinga loyiq.
Shaxzod AHMEDOV.