Chiqindidan pul topayotgan ayol

Kattaqo‘rg‘on tumaniga xizmat safariga borganimda chiqindidan daromad qilayotgan tadbirkor Gulmira Jumayeva haqida eshitib, suhbatlashish istagi paydo bo‘ldi.
- Ko‘p yil xorijda ishlab, oila boqish maqsadida chiqindi saralash bilan shug‘ullanganman, - deydi G.Jumayeva. – Dastlab o‘zim ham chiqindi saralagan bo‘lsam, keyinchalik korxonada ish boshqaruvchi bo‘lib ishladim. Yurtimizga qaytib kelgach, chiqindilarni poligonga olib borib, yoqib yuborishlarini yoki ko‘mib tashlashlarini bilib, bu sohada ishlash haqida o‘ylab qoldim. Chiqindidan ikkilamchi xomashyolarni saralab, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildim. Bu sohada ishlayotgan tashkilotlarga borib uchradim, ko‘pgina tadbirkorlar bilan suhbatlashdim. Biroq ko‘pchiligi shu ish bilan shug‘ullanishimga ishonmadi. «Ayol kishi ekan, qo‘lidan kelmaydi, bir-ikki oy ishlab, tashlab ketadi», deb o‘ylashdi. Lekin men tanlagan yo‘limdan qaytmadim. Shu yo‘l orqali nafaqat oila boqishim, balki katta daromad topishimni bilardim.
Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Gulmira Jumayeva dastlab «Anvarjon biznes invest» MChJ klasteri tashkil etib, davlat-xususiy sherikchilik asosida «Toza hudud» MChJning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limini xususiylashtirib oldi.
O‘tgan yili tadbirkor Narpay va Paxtachi tumanlariga ham xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Hozirda «Anvarjon biznes» MChJ korxonasining 40 ga yaqin yuk mashinalari Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumani mahallalariga xizmat qilayotgan bo‘lsa, klasterga qarashli yana bir «Mansurbek qo‘rg‘on-biznes» MChJ korxonasi Paxtachi tumanidagi 59 mahalla bilan ishlaydi. Bu ishda unga turmush o‘rtog‘i va o‘g‘illaridan tashqari yana 300 ga yaqin ishchi ko‘mak beryapti.
Xitoydan chiqindi tashuvchi, ortuvchi maxsus texnikalar, chiqindi yig‘ish shoxobchalari, konteynerlar, qayta ishlash qurilmalari olib kelindi. Bu loyihalar uchun qariyb 17 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
- Shu vaqtgacha ish va oilam bilan o‘ralashib, o‘qimagan edim, - deydi Gulmira Jumayeva. – Ayni paytda oliy ma’lumotli bo‘lish istagida Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida sirtdan o‘qiyapman. Tadbirkorlikning nazariy jihatlarini ham o‘rganyapman.
So‘zida sobit, jasoratli Gulmira Jumayeva chiqindidan milliardlab daromad qilmoqda. Yangi maxsus mashinalar, zamonaviy uskunalar xarid qilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.