Imkoniyati cheklanganlar uchun unutilmas ziyorat
Kecha Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi bir guruh hamshaharlarimiz uchun Toshkent shahriga ma’naviy-ma’rifiy va sayyohlik sayohati tashkil etildi. Mazkur tashabbus imkoniyati cheklangan fuqarolarning madaniy meros ob’yektlari, tarixiy qadamjolar va zamonaviy inshootlar bilan yaqindan tanishishi, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida amalga oshirildi.
Qayd etish lozim, joriy yilning may oyida Ko‘zi ojizlar jamiyati Samarqand shahar bo‘limi tomonidan shahar hokimi nomiga murojaat yo‘llanib, jamiyat a’zolaridan iborat bir guruh fuqarolarning Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilishi uchun amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan edi. Murojaatda imkoniyati cheklangan insonlarning mamlakatimiz poytaxtida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, madaniy-ma’rifiy markazlar va tarixiy obidalar bilan tanishish istagi bildirilgan.
Murojaatda ko‘tarilgan masalani ijobiy hal etish maqsadida Samarqand shahar hokimligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda maxsus dastur ishlab chiqildi. Natijada 8 iyun kuni Samarqand shahrida yashovchi 50 nafar imkoniyati cheklangan shaxsning Toshkent shahriga sayohati tashkillashtirildi.
Sayohat ishtirokchilari orasida ko‘p yillardan buyon poytaxtga bormaganlar ham, ilk bor Toshkentni ko‘rish istagida bo‘lganlar ham bor edi.
Toshkent shahriga yetib kelgan mehmonlar uchun boy va mazmunli dastur tayyorlangan bo‘lib, ular mamlakatimizning tarixiy, madaniy va ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutadigan qator maskanlarga tashrif buyurdilar. Sayohat davomida ishtirokchilarga malakali gidlar hamrohlik qildi. Ular har bir ob’yektning tarixi, ahamiyati va o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berib bordilar.
Ayniqsa, sayohat ishtirokchilarining O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga qilgan tashrifi ularda chuqur taassurot qoldirdi. Mamlakatimizda islom madaniyati va ma’rifati tarixi, buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida barpo etilgan mazkur markaz haqida berilgan ma’lumotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Malakali gidlar tomonidan markazning faoliyati, uning asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek, bu yerda jamlangan noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va eksponatlar haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar o‘zbek xalqi va Markaziy Osiyo zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, muhaddislar, ulamolar va davlat arboblarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqidagi ma’lumotlarni katta qiziqish bilan tingladilar.
Sayohat qatnashchilaridan ayrimlari bu kabi maskanlarga tashrif buyurish ular uchun nafaqat madaniy hordiq, balki ma’naviy ozuqa ham bo‘layotganini ta’kidladi. Ularning fikricha, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘mak berish va ular uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shunday tadbirlarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Tashrif davomida ishtirokchilar poytaxtda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari, yangi barpo etilgan zamonaviy inshootlar hamda aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu esa ularning mamlakatimiz taraqqiyoti, yurtimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Sayohatning har bir manzilida ishtirokchilar uchun qulay muhit yaratilib, ularning ehtiyojlari inobatga olindi. Bu esa tadbirning yuqori saviyada tashkil etilganini ko‘rsatdi.
Ko‘zi ojizlar jamiyati Samarqand shahar bo‘limi vakillarining ta’kidlashicha, bunday tadbirlar imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni jamiyat hayotiga keng jalb etish va madaniy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sayohat ishtirokchilari ko‘tarinki kayfiyat, yorqin taassurot va unutilmas xotiralar bilan Samarqandga qaytdi. Ular Toshkent shahrida ko‘rgan-kechirganlari, eshitgan qiziqarli ma’lumotlari va olgan taassurotlarini yaqinlari bilan baham ko‘rish niyatida ekanliklarini bildirdi.