Jizzaxda respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari boshlandi

Dastlab ishtirokchilar Jizzax shahrida to‘plandi, shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi, Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya haykallari poyiga gulchambar qo‘yib, ziyorat qildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar Zomin tumaniga yo‘l oldi.

Tumandagi “O‘riklisoy” dam olish manzilida anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid  davlatimiz rahbarining yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani haqida gapirdi. So‘lim O‘riklisoyda yangicha ruhda o‘tkazilayotgan bu galgi seminarda yana yangi iste’dod egalari kashf etilishiga ishonch bildirildi.

Uch kun davom etadigan seminar doirasida respublikamizning taniqli shoirlari ishtirokida davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy janrlar bo‘yicha mashg‘ulotlar, mahorat darslari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

Abdujabbor PO‘LATOV.