Kattaqo‘rg‘onlik o‘quvchi Hindistonda bronza medali sohibi bo‘lgandi yoxud Samarqandda qancha o‘qituvchi ming dollar ish haqi olishini bilasizmi?

Yaqin kunlar ichida davlatimiz rahbari ta’limga oid ikkita katta yig‘ilish o‘tkazdi. Oddiy odam yoki shu yurtning istalgan fuqarosida buncha tashvishning nafi bo‘lyaptimi, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin.

Albatta, bu savolga jiddiy o‘ylab qaralmasa aniq fikr bildirish, jo‘yali javob qaytarish qiyin. Vaholanki, mazkur kuyunchaklik ertamizni o‘ylab amalga oshirilayotgani barobarida, tizimli ishlarning natijasi ko‘rinib, sezilib turibdi.

Misol uchun, davlatimiz rahbarining ta’lim tizimiga, xususan o‘qituvchining obro‘-e’tibori va oylik ish haqi miqdorini oshirishga qaratayotgan e’tibori tufayli Samarqand viloyatida ming dollar oylik oladigan o‘qituvchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda.

Misol uchun, 2021 yilda 5 nafar, 2022 yilda 52 nafar, 2023 yilda 71 nafar, 2024 yilda 135 nafar va joriy yilda 249 nafar pedagoglarimiz ming dollardan ortiq ish haqi olyapti.

Bundan tashqari, maktablarda 2 ta xorijiy til va 1 ta kasbni o‘rgatish tizimi joriy qilindi. Bu tashabbusning ahamiyati va samarasi har qadamda kuzatilmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 43-maktabda fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha farang davlati bilan yaxshi aloqa yo‘lga quyilgan. Fransiya Respublikasi Prezidentining viloyatimizga tashrifi davomida ushbu maktabning o‘quvchilari janob Emmanuel Makron bilan shaxsan uchrashgan edi.

Hozirda maktab bitiruvchilaridan Shaxboz G‘aybullayev va Nigina Mamarasulova Fransiyaning Sarbonna universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilingan.

Shuningdek, maktabning 5 nafar fransuz tili o‘qituvchisi Nitssa shahridagi institutda malaka oshirib keldi.

Bugungi kunda ushbu maktab o‘quvchilariga 3 ta - o‘zbek, fransuz va rus tillarida dars mashg‘ulotlari olib borilmoqda.

Albatta, ta’limdagi islohotlar samarasini viloyatimiz misolida ko‘plab yo‘nalishlarda aytib o‘tish mumkin. Eng quvonarlisi, joriy yilda viloyatimizdagi maktab bitiruvchilarning 342 nafari chet davlat oliy ta’lim muassasalari grantini yutib, muddatidan oldin talaba bo‘lishdi.

Bundan tashqari, o‘tgan o‘quv yilida Xalqaro olimpiadalarda 15 nafar o‘quvchi ishtirok etib, 4 nafari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Jumladan, Hindistonda 30 ta davlatdan 576 nafar iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etgan Xalqaro matematika musobaqasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 8-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Davronbek Doniyorov 30 davlatdan kelgan ishtirokchilar orasida g‘oliblikni egallab, bronza medali sohibi bo‘ldi.

Darvoqe, maktablarga kiritilayotgan investitsiya haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Negaki, faqatgina keyingi ikki yilda 182 ta (5 ta yangi qurilish, 164 ta rekonstruksiya va 13 ta mukammal ta’mirlash) maktabda 687,2 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Natijada umumta’lim maktablarida 47 ming 953 yangi o‘quvchi o‘rni yaratilib, mavjud 8 ming 304 o‘rinli binolar mukammal ta’mirlanyapti.

Erishilgan natijalar, oshib borayotgan raqam va ko‘rsatkichlar haqida hali uzoq gapirish mumkin. Aytish mumkinki, istiqbolda bizni bundanda quvonarli natijalar kutib turibdi. Chunki so‘nggi yig‘ilishda ustoz-pedagoglar uchun ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar berildi. Bular albatta, ta’limda, tarbiyada ijobiy o‘sish, yaxshi yangilik bo‘lib jamiyatimizga qaytadi.

Maryam NIYoZOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.